“Al-Jarida”: 2025-yilda O‘zbekistonga borayotgan kuvaytlik sayyohlar ikki baravarga ko‘paydi
Yanvar 06, 2026. 14:19 • 2 daq
• 169
AL-KUVAYT, 6-yanvar. /“Dunyo” AA/. Elchixona tashabbusi bilan Al-Kuvayt shahrida o‘tkazilgan O‘zbekistonning turizm salohiyati va imkoniyatlariga oid taqdimot marosimi Kuvayt ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan, arab tilidagi “Al-Jarida” gazetasida “2025-yilda O‘zbekistonga borayotgan kuvaytlik sayyohlar soni ikki baravarga ko‘paydi” nomli maqola eʼlon qilindi.
Materiallarda taʼkidlanishicha, Kuvayt va O‘zbekistonning bir nechta shaharlari o‘rtasida “Jazeera Airways” aviakompaniyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri va muntazam reyslar yo‘lga qo‘yildi. Bu ishlar kuvaytliklarning O‘zbekistonga sayohatini ko‘paytirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Havo transportining yaxshilanishi O‘zbekistonni kuvaytlik sayohatchilar uchun qulay va oson kirish mumkin bo‘lgan joyga aylantirdi, masofa va tranzit bilan bog‘liq masalalar yengillashtirildi. Bu yengilliklar Kuvaytdan kelgan sayyohlar sonining sezilarli darajada oshishiga bevosita hissa qo‘shdi.
Ikkala mamlakatdagi sayyohlik operatorlari hozirda kuvaytlik sayyohlar uchun maxsus turpaketlari yaratish ustida ishlamoqda. Bunday saʼy-harakatlar “Jazeera Airways” aviakompaniyasining Toshkent va Namanganga haftasiga to‘rt marta reyslarni amalga oshirishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Bu esa 2025-yilda Kuvaytdan O‘zbekistonga borgan sayyohlar sonining ikki baravarga oshirishga yordam berdi.
2025-yilda O‘zbekistonga ming nafarga yaqin kuvaytlik tashrif buyurgan. Bu 2024-yilga nisbatan ikki baravar ko‘p. Bu kuvaytliklar orasida O‘zbekistonning rivojlanayotgan va o‘ziga xos sayyohlik maskani sifatidagi qiziqishining ortib borayotganini aks ettiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi