Xitoyda “Visit Uzbekistan” jurnalining maxsus soni chop etildi
Dekabr 26, 2025. 09:00 • 1 daq
• 234PEKIN, 26-dekabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan Xitoyda O‘zbekistonning turizm salohiyatini keng targ‘ib etish hamda yurtimizga tashrif buyuruvchi xitoylik sayyohlar oqimini yana-da oshirish maqsadida “Visit Uzbekistan” jurnalining xitoy tilidagi maxsus soni chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda tayyorlangan mazkur jurnal sahifalaridan O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining bugungi holati, mamlakatimizning boy madaniy va turizm salohiyati, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlari, sayyohlik markazlari, milliy anʼana va urf-odatlari hamda yangi turizm yo‘nalishlari haqidagi maqolalar joy olgan.
Mamlakatimizga tashrif buyurish istagida bo‘lgan xitoylik sayyohlar jurnal orqali O‘zbekistonning muhim sanalari, viza siyosati, muloqot uchun zarur bo‘lgan o‘zbekcha so‘z va iboralar, diqqatga sazovor joylari, milliy taomlari va boshqa shu kabi muhim maʼlumotlarni olish imkoniga ega bo‘ladi.
Jurnal Xitoyda o‘tkazilayotgan madaniy va turizm tadbirlarida keng foydalaniladi hamda Xitoyning vazirlik va idoralari, yetakchi bloger va OAVlari o‘rtasida tarqatiladi.
“Visit Uzbekistan” jurnali O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar va ishbilarmon uchun mamlakatimizning madaniyati, tarixi, sanʼati, gastronomiyasi va dolzarb voqealar haqidagi maʼlumotlarni taqdim etuvchi nashrdir. Jurnalning 50 dan ortiq soni 14 tilda Berlin, Dehli, London, Madrid, Moskva, Parij, Pekin, Singapur, Seul va Tokio kabi shaharlarda chop etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




