“Okaz” gazetasi: O‘zbekiston ipagi o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi ramzdir

Iyun 23, 2026. 11:30 • 2 daq

15
“Okaz” gazetasi: O‘zbekiston ipagi o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi ramzdir

AR-RIYOZ, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining nufuzli “Okaz” gazetasida O‘zbekistonning boy madaniy merosi, sayyohlik jozibasi va ipakchilik sanoatining iqtisodiy salohiyatiga bag‘ishlangan tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada asrlar davomida Sharq va G‘arbni bog‘lab kelgan O‘zbekiston bugungi kunda o‘z madaniy merosini iqtisodiy va turistik rivojlanishning muhim manbasiga aylantirayotgani alohida qayd etilgan. Ayniqsa, Samarqand shahri o‘zining ko‘hna madrasalari, mahobatli minoralari va asrlar davomida avloddan avlodga o‘tib kelayotgan an’anaviy hunarmandchiligi bilan saudiyalik o‘quvchilar uchun alohida madaniy va ma’naviy ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.

Nashr o‘zbek ipagining yaratilish jarayoniga to‘xtalib, pilla yetishtirishdan tortib, undan ipak tolasini ajratib olish, tabiiy bo‘yoqlar (anor, yong‘oq po‘stlog‘i va piyoz po‘sti) yordamida bo‘yash hamda betakror mato va gilamlar to‘qishgacha bo‘lgan mashaqqatli mehnatni yuqori baholagan.

Qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston ipakchilikni yuqori eksport salohiyatiga ega istiqbolli tarmoq sifatida rivojlantirmoqda va dunyodagi eng yirik ipak ishlab chiqaruvchi davlatlar qatoriga kiradi.

“Okaz”ning yozishicha, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar izchil mustahkamlanib borayotgan bir paytda ipakchilik sanoati, milliy hunarmandchilik va madaniy turizm yo‘nalishlari Saudiya biznesi uchun jozibador sarmoyaviy maydonga aylanmoqda. Saudiyalik sarmoyadorlar uchun ipak ishlab chiqarish, dizayn, qadoqlash, elektron tijorat va hunarmandchilik markazlariga sayyohlik dasturlarini tashkil etish bo‘yicha keng imkoniyatlar mavjud. Oliy sifatli o‘zbek ipak mahsulotlari, ipak gilamlari va milliy suvenirlari Fors ko‘rfazi davlatlari bozorida yuqori mavqega ega bo‘lishi kutilmoqda.

Maqola xotimasida O‘zbekiston islom merosi, qadimiy bozorlari, go‘zal tabiati va sharqona mehmonnavozligi bilan madaniy jihatdan yaqin va hamyonbop sayohat yo‘nalishlarini qidirayotgan saudiyaliklar uchun eng maqbul tanlov ekani, o‘zbek ipagi esa o‘tmish va kelajakni mahorat bilan bog‘lovchi ramz bo‘lib qolayotgani alohida e’tirof etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish