Chexiyadan munosabat: Toshkent investitsiya forumi Markaziy Osiyoning eng nufuzli maydoniga aylandi

Iyun 23, 2026. 10:00 • 2 daq

29
Chexiyadan munosabat: Toshkent investitsiya forumi Markaziy Osiyoning eng nufuzli maydoniga aylandi

PRAGA, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Praga Metropoliten universiteti menejeri, iqtisodiyot fanlari doktori Yaroslav Halik “Dunyo” AA muxbiriga 16-18-iyun kunlari mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi Markaziy Osiyo mintaqasining eng nufuzli investitsiya maydoniga aylandi. Forum doirasida O‘zbekiston xalqaro investorlar, avvalo transmilliy korporatsiyalar, taraqqiyot banklari va davlat investitsiya jamg‘armalariga umumiy qiymati taxminan 75 milliard yevroga teng bo‘lgan aniq investitsiya takliflari hamda istiqbolli loyihalarni taqdim etdi.

Tadbirda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan 3400 nafardan ziyod xorijiy delegat ishtirok etdi. Forum kun tartibidan energetika sohasini transformatsiya qilish, strategik va noyob mineral resurslar, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, davlat boshqaruvini raqamlashtirish, xalqaro transport-logistika va taʼminot zanjirlarini rivojlantirish kabi dolzarb masalalar o‘rin oldi.

Forumning muhim tarkibiy qismini Xorijiy investorlar kengashining to‘rtinchi plenar yig‘ilishi hamda mamlakatning investitsiya salohiyatini namoyon etuvchi sanoat ko‘rgazmasi tashkil etdi. Shuningdek, Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Ozarbayjon va Birlashgan Arab Amirliklari delegatsiyalari ishtirokida tashkil etilgan alohida panel sessiyalari yangi investitsiya imkoniyatlarini yaratdi.

TXIF-2026 doirasida Chexiya tomonidan tayyorlangan hamkorlik hujjatlari to‘plami taʼlim sohasidagi loyihalarni ham qamrab oldi. Ularning maqsadi Chexiya va O‘zbekiston ishtirokidagi qo‘shma sanoat korxonalari uchun yuqori malakali o‘zbek mutaxassislarini tayyorlashdan iborat.

Umuman olganda, V Toshkent xalqaro investitsiya forumi O‘zbekistonning iqtisodiy qudrati, investitsiyaviy salohiyati va makroiqtisodiy barqarorligini yana bir bor namoyon etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish