“Rzeczpospolita” gazetasi: O‘zbekiston Yevroosiyoning asosiy investitsiya markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda

Iyun 25, 2026. 18:30 • 2 daq

41
“Rzeczpospolita” gazetasi: O‘zbekiston Yevroosiyoning asosiy investitsiya markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda

VARSHAVA, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. Polshaning “Rzeczpospolita” gazetasida V Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, forum AQSH, Turkiya, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlar vakillari ishtirokida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish hamda yangi ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun samarali platformaga aylangan.

Nashr Polshaning “APS Energia” kompaniyasi va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati o‘rtasida qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolanganiga alohida eʼtibor qaratgan.

Materialda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotlar keltirilgan bo‘lib, ularga ko‘ra, 2025-yilga kelib jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 43 milliard dollarga, xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalar soni esa 18,1 mingtaga yetgani qayd etilgan.

Polsha nashrida yozilishicha, O‘zbekiston AQSH, Yevropa va Osiyo davlatlari investorlari, shuningdek, xalqaro moliya institutlari eʼtiborini jalb etishda davom etmoqda. Sarmoya kiritish uchun eng istiqbolli yo‘nalishlar qatorida energetika, sanoat, transport-logistika infratuzilmasi va zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari sanab o‘tilgan.

Maqolada “APS Energia” va OKMK qo‘shma korxonasini barpo etish loyihasining ahamiyati alohida qayd etilgan. Ushbu korxona energetik yechimlarni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha muhim mintaqaviy markazga aylanib, O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasining yana-da rivojlanishiga hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish