Iroq neft kvotalari borasidagi bahslar fonida OPEKdan chiqish ehtimolini istisno etmayapti
Iyun 25, 2026. 18:00 • 2 daq
• 9
BAG‘DOD, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. Agar neft qazib olish kvotasi sezilarli darajada oshirilmasa, Iroq barcha mumkin bo‘lgan chora-tadbirlarni, jumladan, OPEKdan chiqish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.
Manbalarga ko‘ra, OPEKda ikkinchi yirik neft qazib oluvchi mamlakat bo‘lgan Iroq amaldagi cheklovlarni o‘zining iqtisodiy va ishlab chiqarish salohiyatiga nomutanosib deb hisoblaydi.
Agentlikning taʼkidlashicha, mintaqaviy mojarolar oqibatlari va neft yetkazib berishdagi uzilishlar tufayli og‘irlashgan mamlakatdagi moliyaviy qiyinchiliklar fonida kvotalarni oshirish masalasi nozik tus olgan.
Iroq Neft vazirligi vakili fikricha, Bag‘dod avvalroq haqiqatan ham tashkilotdan chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqqan, biroq hozirgi vaqtda kvotalarni oshirishga harakat qilish bilan birga OPEK aʼzoligini saqlab qolish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.
“Agar Saudiya Arabistoni va OPEKdagi boshqa ittifoqchilar bu masalaga jiddiy qaramasa, Iroq mavjud barcha variantlarni ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi”, – dedi u va “hozircha chiqish haqida gapirishga erta” ekanini taʼkidladi.
Mamlakat hukumatining maʼlum qilishicha, Iroq eksport imkoniyatlarini tiklash ustida ishlamoqda va yaqin yillarda neft qazib olish hajmini sutkasiga 7 million barrelgacha yetkazishni rejalashtirmoqda, biroq kvotalar yuzasidan izoh berishdan tiyildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilda Birlashgan Arab Amirliklari neft qazib olish darajasi bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli OPEKdagi ishtirokini to‘xtatgan, bu esa neft “karteli” ichidagi barqarorlik haqidagi munozaralarni kuchaytirgan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi