O‘zbekiston Prezidenti raisligida qurilish materiallari sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi
Iyun 25, 2026. 15:45 • 7 daq
• 23
TOSHKENT, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 25-iyun kuni qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti asosiy masalaga o‘tishdan avval o‘tgan hafta yuksak saviyada o‘tkazilgan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlariga to‘xtaldi. Forum doirasida xorijiy hamkorlar bilan 43 milliard dollarlik 177 ta kelishuvga erishilgani taʼkidlandi.
– Har bir kelishuv loyihaga, ish o‘rniga, yuqori qo‘shilgan qiymatga aylanishi shart, – dedi Prezidentimiz.
Mutasaddilarga xorijiy investorlar tomonidan bildirilgan 120 ta taklifning yechimi bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi. Umuman, tarmoq rahbarlari va hokimlar investitsiya sifati va samaradorligi bo‘yicha yondashuvlarini o‘zgartirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
So‘nggi besh yilda yurtimizga kiritilgan jami investitsiyaning yarmi 4 ta hudud hissasiga to‘g‘ri kelgan. Lekin jalb qilingan sarmoyaning iqtisodiyotga qaytimi bo‘yicha hududlar o‘rtasida katta tafovut bor. Shu bois, hokimlar qaysi tumanda qaysi tarmoqni qanday rivojlantirish, qaysi loyihaga investitsiya olib kelinsa, eng yuqori samaradorlikka erishish mumkinligini aniq hisob-kitob qilishi kerakligi qayd etildi.
Buning uchun iqtisodiyotdagi 12 ta tarmoqqa 14 ta “aql markazi”, 37 ta sohaviy ilmiy institut va oliygohlar nomma-nom biriktirildi. Barcha tarmoq rahbarlariga “aql markazlari”, sohaviy ilmiy institut va oliygohlar bilan har bir tuman imkoniyatini o‘rganib, yalpi hududiy mahsulot o‘sishiga katta turtki beradigan loyihalar to‘plamini tayyorlash topshirildi.
Prezidentimiz qurilish materiallari sohasini quruvchining ishonchini qozonadigan, sifat, standart, assortiment va narx bo‘yicha kompleks yechim taklif qiladigan tarmoqqa aylantirish lozimligini taʼkidladi.
Bundan 10 yil oldin mahalliy qurilish materiallari deganda asosan qum-shag‘al, g‘isht, sement, oyna va shifer tushunilar, bu esa qurilishda ishlatiladigan jami materiallarning nari borsa 30-40 foizini tashkil etar edi. So‘nggi o‘n yilda sohaga 12 milliard dollar investitsiya kiritilib, 4 mingdan ortiq zamonaviy korxona ishga tushirildi.
Natijada sement, oyna, bazalt, keramik buyumlar, gazoblok, quruq qorishmalar kabi asosiy turdagi 20 dan ortiq mahsulotlarga bo‘lgan ichki talabni to‘liq qoplaydigan quvvatlar yaratildi. Issiqlik saqlovchi, kompozit materiallar, ekologik pardozlash materiallari va pol qoplamalari kabi yuqori qo‘shilgan qiymatli yangi yo‘nalishlar jadal rivojlanmoqda.
Bugungi kunda yangi uy-joylar va sanoat binolari qurilishi uchun zarur materiallarning 98 foizini mamlakatimizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Natijada o‘tgan davrda sohada ishlab chiqarish hajmi 7 trillion so‘mdan 53 trillion so‘mga oshdi, eksport esa o‘tgan yili 1,2 milliard dollarni tashkil etdi. Eng muhimi, tarmoq import o‘rnini bosishning muhim bosqichidan o‘tdi.
Yil boshida aholini uy-joy bilan taʼminlash bo‘yicha katta dastur qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, 2040-yilga qadar quriladigan uy-joylar sonini 2 karra oshirib, yiliga 280 mingtaga yetkazish, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini 61 tadan 120 taga ko‘paytirish reja qilingan.
Bundan tashqari, har yili 20-25 million kvadrat metr tijorat binolari foydalanishga topshirilmoqda. Uy-joy va tijorat binolarining o‘zi yiliga kamida 10 milliard dollarlik qurilish materiallariga talab yaratmoqda.
Toshkent xalqaro investitsiya forumida xorijiy hamkorlarga yana 27 milliard dollarlik infratuzilma loyihalari taklif qilindi. Jizzaxda atom elektr stansiyasi, Toshkent viloyatida 4-mis boyitish fabrikasi, O‘rta Chirchiqda 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega Yangi Toshkent aeroporti, Yangi Toshkentda 55 ming o‘rinli futbol stadioni, 282 kilometrli Toshkent – Samarqand avtomobil yo‘li kabi yirik loyihalarda ham, birinchi navbatda, qurilish materiallari zarur bo‘ladi.
Bunday yirik loyihalarda foydalaniladigan materiallarga standart, sifat va sertifikat bo‘yicha yuqori talablar qo‘yilishi tabiiy. Shu bois, yirik loyihalarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan bog‘laydigan yangi tizim yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yirik va megaloyihalarga sarmoya kiritayotgan investorlar import materiallarni olib kelishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilishni so‘ramoqda. Shu bilan birga, bunday loyihalarga o‘z mahsulotini taklif qilish istagida bo‘lgan mahalliy korxonalar ham ko‘p. Ular qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz mahalliy mahsulotlarga ham qo‘llansa, sifat va standart bo‘yicha raqobatga tayyor ekanini bildirmoqda.
Mutasaddilarga yirik va megaloyihalarga import va mahalliy mahsulotlarni yetkazib berishda teng sharoitni taʼminlash bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Yig‘ilishda hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan ikki yillik dastur ijrosiga ham eʼtibor qaratildi. Dastur doirasida 34 ta yirik turizm obyekti, 1 mingdan ortiq joylashtirish vositasi, jumladan, 200 ta mehmonxona qurish reja qilingan.
Hokimlar hududlarida barpo etilayotgan mehmonxonalarda mahalliy materiallar ulushini kamida 95 foizga yetkazishi zarurligi qayd etildi.
Mamlakatimizda har yili o‘rtacha 65 ming yakka tartibdagi uy-joy qurilmoqda, yana 200-250 ming xonadon taʼmirlanmoqda.
– Ochiq aytish kerak, hali ko‘pchilik energiya tejamkor materiallarning afzalliklari haqida yetarlicha xabardor emas, – dedi Prezidentimiz.
Xonadonlarni isitishning o‘ziga iqtisodiyotdagi jami gaz isteʼmolining 20 foizi, elektr energiyasining esa 11 foizi sarflanmoqda. Agar uyning fasad va tom qismi issiqlik saqlovchi material bilan qoplansa, energiya tejamkor oyna qo‘yilsa, energiya sarfi 30 foizgacha kamayadi.
Bu borada Fransiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ishlab chiqqan yangi loyihalash yondashuvi asosida Qamashi tumanida 4 ming xonadonli “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilmoqda. Mazkur loyihada to‘liq energiya tejamkor mahalliy mahsulotlar ishlatilib, tannarx 20 foizga arzon tushadi, uyni isitish va sovitish xarajatlari 25-30 foizga qisqaradi.
Viloyat, tuman va shaharlar hokimlariga Qamashi tajribasi asosidagi yangi loyihalash yondashuvini o‘rganish topshirildi. Joriy yilda Yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kiriladigan 33 ta tuman va shaharda ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi faqat shunday yondashuv asosida amalga oshirilishi belgilandi.
Eksport masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Qo‘shni davlatlar yiliga 13 milliard dollarlik qurilish materiallarini import qilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlarining o‘ziga eksportni qo‘shimcha 440 million dollarga oshirish imkoniyati borligi taʼkidlandi.
– Bir narsani bilinglar: tashqi bozorlarda kuchli raqobat, har bir dollar uchun kurash ketayotgan hozirgi sharoitda eksportni ko‘paytirish uchun noanʼanaviy yechimlar kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Ozarbayjon, Gruziya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarda uy-joy va tijorat obyektlari qurish bo‘yicha katta dasturlar amalga oshirilmoqda. Agar O‘zbekiston uy-joy qurish bo‘yicha ushbu davlatlarning ishonchli hamkoriga aylansa, bu elektronika, uy tekstili va mebel korxonalari uchun ham yangi eksport imkoniyatlarini ochadi. Shu bois, masʼullarga Boku, Tbilisi, Moskva, Ostona va Bishkekda 3-4 tadan namunaviy, energiya tejamkor uy modelini qurib, road-show o‘tkazish topshirildi.
Sohada energiya samaradorligini oshirish masalalari ham muhokama qilindi. So‘nggi o‘n yilda qurilish materiallari korxonalari foydalanadigan shartli yoqilg‘i hajmi 2 karra kamaydi. Tarmoqdagi elektr isteʼmolining 65 foizi to‘g‘ri keladigan 34 ta yirik korxonada energiya auditi o‘tkazilgani hisobidan o‘tgan yilning o‘zida 240 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejaldi.
Lekin bu hali yetarli emasligi qayd etildi. Viloyat hokimlariga qurilish materiallari korxonalarini texnologik modernizatsiya qilish orqali energiya sarfini kamaytirish bo‘yicha katta dasturni boshlash topshirildi. Bunda isitish va quritish pechlari, tegirmonlar va energiya sarfi yuqori boshqa uskunalarni energiya tejamkorlariga almashtirgan korxonalarga so‘mdagi kreditining 7 foizi, xorijiy valyutadagi kreditining 4 foizi kompensatsiya qilib beriladi.
Mamlakatimizda sement, bazalt, oyna, keramik plita kabi mahsulotlar bo‘yicha yaratilgan quvvatlar 2035 yilgacha bo‘lgan ehtiyojlarni qoplashga yetarli. Endi investorlarni bunday mahsulotlarni ko‘paytirishga emas, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilib, yuqori qo‘shilgan qiymat beradigan loyihalarga jalb qilish kerakligi taʼkidlandi.
Qurilish materiallari korxonalariga sertifikat olish bilan bog‘liq barcha xarajatni to‘liq qoplab beruvchi tizim mavjud. Bu kabi imkoniyat boshqa birorta tarmoqda yo‘q. Lekin bunday sertifikatlarning yagona maʼlumotlar bazasi bo‘lmagani uchun xaridorlar ko‘proq o‘zi bilgan, xalqaro sertifikatga ega chet el tovarlarini tanlamoqda.
Mutasaddilarga mahalliy va xorijiy sertifikati bor qurilish materiallarining elektron platformasini ishga tushirish, viloyat hokimlari bilan birga shu yilning o‘zida yana kamida 50 ta qurilish materiallari korxonasiga xalqaro sifat sertifikati olishda ko‘maklashish topshirildi.
Yig‘ilish davomida mutasaddilarning hisobotlari, qurilish materiallari korxonalari vakillarining taklif va tashabbuslari tinglandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi