JCH-2026: O‘zbekiston ikki mag‘lubiyatga qaramay pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatini saqlab qolmoqda

Iyun 25, 2026. 19:00 • 2 daq

18
JCH-2026: O‘zbekiston ikki mag‘lubiyatga qaramay pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatini saqlab qolmoqda

TOSHKENT, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. Kolumbiya “K” guruhining ikkinchi turida Kongo Demokratik Respublikasini 1:0 hisobida mag‘lub etganidan so‘ng, O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatining pley-off bosqichiga chiqish uchun matematik imkoniyatini saqlab qoldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bu natija tufayli guruhdagi vaziyat keskinlashdi: Kolumbiya 6, Portugaliya 4, Kongo 1, O‘zbekiston esa 0 ochko jamg‘argan. Turnir startidagi ikki mag‘lubiyatga qaramay, O‘zbekiston terma jamoasining keyingi bosqichga chiqish taqdiri guruh o‘yinlarining so‘nggi turida hal bo‘ladi.

O‘zbekiston terma jamoasi imkoniyatni saqlab qolishi uchun Kongoni mag‘lub etishi shart. Biroq birgina g‘alabaning o‘zi yetarli bo‘lmasligi mumkin – urilgan va o‘tkazib yuborilgan gollar tafovuti muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, mamlakatimizning keyingi bosqichga chiqishi boshqa guruhlardagi shunga o‘xshash vaziyatga tushib qolgan jamoalarning natijalariga ham bog‘liq bo‘ladi.

Turnir reglamentiga ko‘ra, pley-offga 32 ta jamoa yo‘l oladi: bular guruhlarda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar hamda uchinchi o‘rinni olgan eng yaxshi sakkizta terma jamoa.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Kongo o‘rtasidagi uchrashuv 28-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 04:30 da Atlantadagi “Mercedes-Benz” stadionida bo‘lib o‘tadi va har ikki jamoa uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

Kongo bosh murabbiyi Sebastyan Dezabrning taʼkidlashicha, uning jamoasi katta tavakkal bilan o‘ynashga majbur bo‘ladi, chunki durang natija ularni qoniqtirmaydi. Unga ko‘ra, bo‘lajak uchrashuv guruhdagi hal qiluvchi bahs bo‘lib, avvalgi o‘yinlarga nisbatan boshqacha yondashuvni talab etadi.

Tahlilchi platformalarining baholari ham o‘yinga bo‘lgan qiziqishni oshirmoqda: “Polymarket” ishtirokchilari Kongoni uchrashuv favoriti deb hisoblab, uning g‘alaba qozonish imkoniyatini 55–56 foizga baholayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonning muvaffaqiyat ehtimoli taxminan 21–22 foizni tashkil etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish