“The Indian Express” gazetasi: O‘zbekiston global investitsiyalar uchun yangi ufqlarni ochmoqda

Iyun 17, 2026. 18:30 • 3 daq

136
“The Indian Express” gazetasi: O‘zbekiston global investitsiyalar uchun yangi ufqlarni ochmoqda

DЕHLI, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. Hindistonning eng ko‘hna va nufuzli kundalik gazetalaridan biri bo‘lgan “The Indian Express” nashri V Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2026) ochilishiga bag‘ishlangan tahliliy maqola chop etdi va uni O‘zbekistonning investitsiyaviy yuksalishini namoyish etuvchi muhim voqea deb atadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIIF-2026 tadbirlarini bevosita voqea joyidan yoritish uchun Toshkentga maxsus uchib kelgan nashr muxbiri Harikishan Sharma forumning sermazmun dasturi haqida batafsil so‘zlab bergan.

Nashr seshanba kuni dastlabki sessiyalar hamda “O‘zbekistonning sanoat va investitsiyaviy salohiyatini kashf eting” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgani, Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi rasmiy ochilish marosimi esa chorshanba kuniga rejalashtirilganini qayd etgan.

“The Indian Express” davlatimiz rahbarining qator ikki tomonlama uchrashuvlariga alohida e’tibor qaratgan. Gazeta Prezident Shavkat Mirziyoyevning Albaniya Prezidenti Bayram Begay, Tojikiston va Belarus Bosh vazirlari Qohir Rasulzoda va Aleksandr Turchin, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Odilbek Qosimaliyev, shuningdek, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov bilan o‘tkazgan muzokaralari haqida so‘z yuritgan.

“Tomonlar savdo, investitsiyalar, logistika, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi”, deya uchrashuv yakunlari haqida fikr yuritgan nashr muxbiri. Muloqotlar strategik sheriklikni mustahkamlash hamda amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgani ta’kidlangan.

Hindiston nashri yozishicha, forumning asosiy investitsiyaviy urg‘usi O‘zbekistonning ikkita flagman loyihasi qaratiladi. Bular - Prezidentimizning 2026 yil mart oyidagi Farmoni bilan tashkil etilgan Toshkent xalqaro moliya markazi hamda qariyb 20 ming gektar maydonda qad rostlayotgan, hozirning o‘zidayoq turli ko‘lamdagi 100 dan ortiq loyihalar amalga oshirilayotgan Yangi Toshkent shahridir. 

“The Indian Express” O‘zbekistonning salmoqli makroiqtisodiy dinamikasiga e’tibor qaratib, 2025 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti (YAIM) o‘sishi 7,7 foizni tashkil etgani, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi esa 2017 yildagi 4 milliard dollardan 2025 yilda 42 milliard dollarga yetgani, ya’ni o‘n baravarga ko‘payganini ma’lum qiladi.

Nashr, shuningdek, forumning 2025 yilgi o‘ziga xos rekordlarini ham yodga olgan. O‘tgan yil 97 mamlakatdan 8 000 dan ortiq ishtirokchi yig‘ilgani va imzolangan bitimlarning umumiy qiymati 30,5 milliard dollarga yetganiga e’tibor qaratgan. Muallifning fikricha, bu TIIFning Markaziy Osiyodagi bosh investitsiya maydoncha maqomini tasdiqlaydi va navbatdagi, hisob bo‘yicha beshinchi forumdan ham katta natijalar kutishga asos bo‘ladi.

“The Indian Express” gazetasidagi ushbu maqola Hindiston ishbilarmon doiralari uchun muhim signal bo‘lib, O‘zbekiston o‘zini ishonchli hamkor hamda qulay investitsiya muhitiga ega istiqbolli bozor sifatida qat’iy namoyish etayotganidan dalolat beradi.

“The Indian Express” 1932 yilda tashkil etilgan, ingliz tilida chop etiladigan Hindiston kundalik gazetasidir. U mamlakatning ko‘p millionli auditoriyaga ega hamda Janubiy Osiyodagi biznes va siyosiy kun tartibini shakllantirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan eng nufuzli matbuot nashrlari qatoriga kiradi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish