“Watan” gazetasi: Kitoblarda o‘qiganlarimizni O‘zbekistonda haqiqatda boshdan kechiramiz

Iyul 31, 2026. 15:30 • 2 daq

20
“Watan” gazetasi: Kitoblarda o‘qiganlarimizni O‘zbekistonda haqiqatda boshdan kechiramiz

AR-RIYOZ, 31-iyul. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining nufuzli “Watan” gazetasida “Kitoblarda o‘qiganlarimizni O‘zbekistonda haqiqatda boshdan kechiramiz” sarlavhali keng maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Arab dunyosi o‘quvchilari eʼtiboriga taqdim etilgan ushbu materialda O‘zbekistonning boy islom sivilizatsiyasi va madaniy merosi Markaziy Osiyo tarixi hamda zamonaviy taraqqiyotida tutgan o‘rni atroflicha yoritilgan.

Maqola muallifi taʼkidlaganidek, globallashuv va raqamli texnologiyalar asrida haqiqiy hayrat va noyoblikni his qilish murakkablashib borayotgan bir paytda, O‘zbekistonga qilingan tashrif insonga tarixiy manbalarda o‘qilgan bilimlarni aynan hayotda, ko‘z oldida qayta kashf etish imkonini beradi.

“O‘zbekistonda siz shunchaki tarixiy bilimlarni yodga olmaysiz, balki moziy va kelajak o‘rtasidagi xayoliy vaqt mashinasida yashaysiz. Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarda kitoblarda o‘qilgan nomlar — Movarounnahr, Shosh, Farg‘ona vodiysi, Jayhun va Sayhun kabi geografik tushunchalar muhtasham meʼmoriy obidalar va tirik madaniyat ko‘rinishida namoyon bo‘ladi”, — deb yozadi muallif.

Nashrda Toshkentda Islom taʼlimi, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) hamda Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida o‘tkazilgan anjumanga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Unda hazrati Usmon Musʼhafining Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanayotgani, shuningdek, Samarqanddagi Imom Buxoriy va Imom Moturidiy majmualari, Registon va Shohi Zinda obidalari, Hazrati Qusam ibn Abbos maqbarasi va Amir Temur maqbarasining betakror meʼmoriy go‘zalligi yuqori baholangan.

Muallif, shuningdek, Buxoroda tug‘ilib, butun islom dunyosiga dovrug‘ solgan Imom al-Buxoriy, matematika va astronomiya asoschisi Muhammad al-Xorazmiy, Imom at-Termiziy kabi buyuk allomalarning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini alohida eʼtirof etgan. Farg‘ona vodiysi shaharlari — Andijon, Namangan, Marg‘ilon va Qo‘qonning tarixiy ahamiyati hamda ularning Arab yarim oroli va islom dunyosi bilan ko‘p asrlik madaniy-ilmiy aloqalari ko‘rsatib o‘tilgan.

Maqola yakunida O‘zbekistonda yosh avlodning, xususan, universitet talabalari va volontyorlarning arab tilini mukammal egallab, zamon bilan hamnafas holda o‘z milliy va islomiy merosi bilan faxrlanib yashayotgani, mehmonlarni “Xush kelibsiz, Imom Buxoriyning mehmonlari!” deya samimiy kutib olishlari Saudiya Arabistoni delegatsiyasida alohida va chuqur taassurot qoldirgani taʼkidlanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish