“Neftchi” va “Zenit” uchrashuvi uchun Sankt-Peterburgdagi “Gazprom Arena”da maxsus fan-zona tashkil etiladi
Iyun 27, 2026. 09:10 • 2 daq
• 76
SANKT-PЕTЕRBURG, 27-iyun. /“Dunyo” AA/. Bosh konsulxona Farg‘onaning “Neftchi” hamda Sankt-Peterburgning “Zenit” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan o‘rtoqlik uchrashuvi uchun o‘zbekistonlik futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida fan-zona tashkil etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu uchrashuv shu yil 8-iyul kuni Moskva vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi. Ayni paytda mazkur bellashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
1925-yilda asos solingan “Zenit” jamoasi amaldagi chempion va Rossiya Premer-ligasining yetakchisi hisoblanadi. Klub aktivida 10 ta chempionlik, 5 ta Rossiya kubogi hamda 2008-yilda qo‘lga kiritilgan UEFA Kubogi va Superkubogi mavjud.
O‘yinlarga muxlislik statistikasi klubning yuqori tijoriy jozibadorligini tasdiqlaydi: sig‘imi 67 800 tomoshabinga mo‘ljallangan “Gazprom Arena” stadionidagi uy uchrashuvlari har bir o‘yinga 30 mingdan ortiq muxlisni jalb etib, Rossiya Premer ligasi uchun rekord darajadagi o‘rtacha tashrifni barqaror ta’minlab kelmoqda. Klubning raqamli media auditoriyasi 4,5 million obunachidan oshadi, tarkibning transfer qiymati esa 160 million yevrodan yuqori baholanadi.
“Zenit”–“Neftchi” uchrashuviga vatandoshlarning ko‘p sonli tashrifini ta’minlash maqsadida Bosh konsulxona o‘zining rasmiy telegram-kanalida o‘zbek va rus tillarida e’lon-anons joylashtirdi. Bundan tashqari, axborot qamrovini kengaytirish uchun ushbu anons blogerlar va yangiliklar kanallariga ham tarqatildi.
Farg‘ona klubi muxlislarining “Gazprom Arena”ning 111 va 112-sektorlarida joylashtirish rejalashtirilmoqda. Muxlislarning bir sektorda to‘planishi Sankt-Peterburgda istiqomat qilayotgan vatandoshlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ayni paytda muxlislarning stadion umumiy fonida ajralib turishi uchun “Neftchi” klubi atributikasi (futbolkalar, kepkalar, sharflar) bilan ta’minlash masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi