Irkutskda O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuv o‘tkazildi

IRKUTSK, 13-iyun /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli Aslam Akbarov Rossiyaning Irkutsk viloyatida yashab va mehnat qilib kelayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat davomida bosh konsul fuqarolarimizga mezbon mamlakat qonunchiligi va qoidalariga qat’iy rioya qilish muhimligini alohida ta’kidladi. Ularning huquq va manfaatlari buzilgan hollarda muammolarni tezkor hal etish maqsadida Bosh konsulxonaga zudlik bilan murojaat qilish zarurligi qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilariga Bosh konsulxona tomonidan vatandoshlarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish, jumladan, konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha amaliy yordam berish, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish ishlari izchil davom ettirilishi ma’lum qilindi.
Uchrashuv chog‘ida fuqarolarni qiziqtirgan qator masalalar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Xususan, yo‘qotilgan hujjatlar o‘rniga yangilarini rasmiylashtirish, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun patent olish tartibi va boshqa konsullik xizmatlari bo‘yicha savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Shuningdek, qator fuqarolarga tayyor pasportlar va Vatanga qaytish guvohnomalari topshirildi. Yo‘qotilgan yoki amal qilish muddati tugagan pasportlarni almashtirish bo‘yicha murojaatlar qabul qilinib, tegishli konsullik amallari bajarildi.
O‘z navbatida, vatandoshlarimiz Bosh konsul tomonidan muntazam ravishda tashkil etilayotgan bunday uchrashuvlarni yuqori baholab, ularning huquqiy xabardorligini oshirish, mezbon mamlakat qonunchiligi talablariga rioya qilish madaniyatini shakllantirish hamda Rossiyaning Sibir federal okrugidagi huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi