Novosibrskdagi vatandoshlar ishtirokida xayriya tadbiri o‘tkazildi

May 29, 2026. 10:00 • 2 daq

268
Novosibrskdagi vatandoshlar ishtirokida xayriya tadbiri o‘tkazildi
Novosibrskdagi vatandoshlar ishtirokida xayriya tadbiri o‘tkazildi
Novosibrskdagi vatandoshlar ishtirokida xayriya tadbiri o‘tkazildi

NOVOSIBIRSK, 29-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi tomonidan Qurbon hayiti munosabati bilan keng ko‘lamli xayriya tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda Novosibirskda mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar, Rossiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston bosh konsuli Aslam Akbarov yurtdoshlarimizni Qurbon hayiti bilan samimiy tabriklab, ular vatandan uzoqda bo‘lsa-da, chinakam hamjihatlik, o‘z yurtiga sadoqat namunasini ko‘rsatayotganini taʼkidladi.

Bayram xayriya aksiyasining o‘tkazilishi O‘zbekiston rahbariyatining xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, milliy anʼanalarni asrab-avaylash va o‘zbek diasporasi, jumladan, Rossiyaning Sibir o‘lkasidagi o‘zbek diasporasi birligini mustahkamlashga qaratilgan izchil siyosatining yana bir tasdig‘i ekani qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidentining Qurbon hayiti anʼanalari tinchlik va totuvlik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv muhitini mustahkamlash, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, muhtojlarga yordam berishda kuch-qudrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilishi haqidagi so‘zlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Kecha mehmonlari mamlakatimiz davlatimiz rahbariga xorijdagi vatandoshlarga ko‘rsatilayotgan doimiy g‘amxo‘rlik va eʼtibor uchun samimiy minnatdorlik bildirib, unga mustahkam sog‘lik va O‘zbekiston ravnaqi yo‘lida yangi zafarlar tiladilar.

Novosibirskdagi o‘zbek diasporasi faoli Omatoy Xo‘jamova bayram dasturxoni shaharda ilk bor bunday ko‘rinishda o‘tkazilayotganini va barcha vatandoshlar uchun alohida ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

“Bugungi tadbir Novosibirskdagi vatandoshlar hayotida juda muhim voqelik bo‘lib, vatanimizga bo‘lgan muhabbatimizni yana-da mustahkamlaydi, xalq va mamlakat manfaatlari yo‘lida birlashtiradi. Biz xorijda yashovchi vatandoshlarga bunday samimiy g‘amxo‘rlik va eʼtiborni ilgari hech qachon his qilmaganmiz”, - deya qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, vatandoshimiz Gavharoy Abdullayeva tadbir haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:

- Ushbu ulug‘ ayyomni Sibir zaminida, bir dasturxon atrofida kutib olganimizdan behad xursandmiz. Ilgari bunday kunlar haqida faqat orzu qilishimiz mumkin edi. Bularning barchasi ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi farovonligi haqida doimo g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelayotgan muhtaram Prezidentimizning izchil siyosati natijasidir. Biz, Novosibirskdagi vatandoshlar, bundan buyon ham vatanimiz ravnaqiga o‘z hissamizni qo‘shishga doimo tayyormiz.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish