“Germany Trade & Invest”: O‘zbekiston 2030-yilga borib elektrotexnika mahsulotlari eksportini besh milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan
Noyabr 20, 2026. 20:30 • 2 daq
• 31
FRANKFURT-MAYN, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning tashqi savdo va investitsiyalar agentligi – “Germany Trade & Invest” (GTAI) O‘zbekiston elektrotexnika sanoatining rivojlanishiga bag‘ishlangan maqolani e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, sohada ishlab chiqarish hajmi 2018-yildagi 580 million dollardan 3,4 milliard dollargacha o‘sgan bo‘lib, 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni 11 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. 2025-yilda elektrotexnika uskunalari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan investitsiyalar 528 million dollarga yetdi, bu avvalgi yilga nisbatan 50 foizdan ko‘proqdir. 2026–2030-yillarda esa tarmoqqa qariyb 3 milliard dollar investitsiya jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Amalga oshirilayotgan loyihalar orasida “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasida “NURA Electric” kompaniyasi tomonidan elektr tarmoqlari uchun uskunalar ishlab chiqarish, Qo‘qon texnoparkida yiliga 1,4 million dona litiy-ionli akkumulyatorlar ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona, shuningdek, Yangi Toshkentda dastlabki investitsiyalari 320 million dollarga baholanayotgan “Deep Tech Park” sanoat zonasi qayd etilgan.
GTAI bir qator nemis kompaniyalari allaqachon loyihalarda ishtirok etayotganini ta’kidlaydi. Xususan, “Infineon Technologies” mikroprotsessor modullarini ishlab chiqarishda, “Diehl Metering” Toshkentda intellektual suv hisoblagichlarini tayyorlashda qatnashmoqda, “Menzel Elektromotoren” esa elektr dvigatellari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan.
Agentlik xomashyo bazasiga ham alohida e’tibor qaratgan. Mamlakatda yiliga 150 ming tonnadan ortiq mis katodlari ishlab chiqarilmoqda, 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni 500 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib, misning kamida 60 foizi mamlakat ichida qayta ishlanadi. “O‘zeltexsanoat” uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda uyushma a’zolarining eksporti qariyb 1,5 milliard dollarni tashkil etib, mahsulotlar 65 ta davlatga yetkazib berilgan. 2030-yilga borib esa eksport hajmini 5 milliard dollargacha oshirish maqsad qilingan.
Yakunda GTAI sohadagi o‘zgarishlar O‘zbekiston va Germaniya ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratayotgani haqida xulosa qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi