Mogilyov shahrida O‘zbekistonning Belarusdagi birinchi faxriy konsullik ofisi ochildi
Noyabr 20, 2026. 19:00 • 2 daq
• 58
MOGILYOV, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mogilyov shahrida O‘zbekistonning Minsk shahri va Mogilyov viloyati bo‘yicha faxriy konsuli idorasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur muassasa shaharda ochilgan ilk shunday diplomatik vakolatxonadir.
19-noyabr kuni o‘tkazilgan tantanali marosimda O‘zbekiston elchisi Nuriddin Mamajonov “Servolyuks” kompaniyalar guruhi direktorlar kengashi raisi Yevgeniy Baskinga konsullik patentini topshirdi. Ikki mamlakat rasmiy vakillari ushbu idoraning ochilishi O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyada mustahkamlangan kelishuvlarning mantiqiy davomi ekanini hamda o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishini ta’kidladilar.
O‘zbekistondagi yirik belaruslik investorlardan biri bo‘lgan Yevgeniy Baskin qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda ishbilarmon doiralarni amaliy qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi. “Yangi lavozimdagi vazifam — o‘zbekistonlik tadbirkorlarga mahalliy xususiyatlarni tushuntirish va xatarlarni kamaytirish orqali Belarusda loyihalarni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish, shuningdek, O‘zbekistonda Belarus tashabbuslarini rivojlantirishga yordam berishdan iborat”, — dedi u.
Mogilyov viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Yelena Prudnikova-Kirpichyonok hamkorlik dinamikasiga oid raqamlarni keltirib o‘tdi. Co‘nggi besh yil ichida viloyatning O‘zbekiston bilan tashqi savdo aylanmasi 2,6 barobarga, eksport 2,5 barobarga, import esa 2,9 barobarga oshgan. 2026-yilning yanvar–sentyabr oylarida tovar ayirboshlash hajmi 30 million dollardan oshib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 33,4 foizga o‘sdi. Eksportning asosini yog‘och materiallari, go‘sht va sut mahsulotlari, importni esa to‘qimachilik, ip-kalava va sarxil mevalar tashkil etmoqda. Yangi idora ikki davlat fuqarolari uchun ochiq muloqot maydoniga aylanishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi