Parijda O‘zbekiston–Fransiya ta’lim hamkorligining yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi

Noyabr 20, 2026. 19:30 • 3 daq

• 8
Parijda O‘zbekiston–Fransiya ta’lim hamkorligining yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi
Parijda O‘zbekiston–Fransiya ta’lim hamkorligining yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi
Parijda O‘zbekiston–Fransiya ta’lim hamkorligining yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi
Parijda O‘zbekiston–Fransiya ta’lim hamkorligining yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi
Parijda O‘zbekiston–Fransiya ta’lim hamkorligining yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi
Parijda O‘zbekiston–Fransiya ta’lim hamkorligining yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi

PARIJ, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston ta’lim va ilm-fan vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Yuldashev boshchiligidagi delegatsiyaning Fransiyaga tashrifi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Safar davomida delegatsiya a’zolari Parij shahrida qator tadbirlarda ishtirok etdi. Fransiya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuvda mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, xorijda orttirilgan bilim va tajribani O‘zbekiston taraqqiyotiga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi.

Vatandosh yoshlarning Fransiyadagi huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash hamda ikki mamlakat ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Fransiyaning “Meridiam” kompaniyasi rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralar ham muhim ahamiyat kasb etdi. Unda O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida zamonaviy umumta’lim maktablarini qurish va mavjud ta’lim infratuzilmasini modernizatsiya qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Xususan, xalqaro investitsiyalarni jalb etish, ilg‘or loyihalash va boshqaruv tajribasini joriy qilish, samarali moliyaviy modellardan foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar istiqbolli loyihalarni birgalikda o‘rganish va ularni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

Ta’lim sohasidagi hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi fransuz tilini o‘qitish sifatini oshirish va o‘quv-metodik resurslar bilan ta’minlash bo‘ldi. Shu maqsadda O. Yuldashev Fransiya Akademik palmalar ordeni a’zolari assotsiatsiyasi (AMOPA) prezidenti Klod Tran bilan uchrashdi.

Uchrashuvda assotsiatsiya tomonidan O‘zbekistonga beg‘araz grant asosida taqdim etilgan qariyb 1 100 nusxa fransuz tilidagi kitob va o‘quv-metodik qo‘llanmalarning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Mazkur adabiyotlar umumta’lim maktablari va texnikumlarga yo‘naltirilib, fransuz tilini o‘qitish sifatini oshirish va ta’lim muassasalarining resurs bazasini mustahkamlashga qaratildi.

Fransiya Milliy ta’lim vazirligining Yevropa va xalqaro aloqalar direksiyasi vakillari bilan uchrashuvda maktabgacha va maktab ta’limi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilg‘or tajriba almashish va ikki mamlakat ta’lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ayniqsa, ekologik ta’lim yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar Fransiyaning “Eko-maktablar” (Éco-Écoles) dasturi doirasida tajriba almashish va O‘zbekiston–Fransiya ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma ekologik tashabbuslarni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Parijda o‘tkazilgan uchrashuvlar O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, maktablar infratuzilmasiga investitsiyalar jalb qilish va fransuz tili ta’limini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish