Logo

Rossiyaning Tula viloyatida vaqtinchalik saqlash markazidagi bir guruh yurtdoshlar O‘zbekistonga qaytariladi

Mart 22, 2026. 10:30 • 2 daq

28
Rossiyaning Tula viloyatida vaqtinchalik saqlash markazidagi bir guruh yurtdoshlar O‘zbekistonga qaytariladi

TULA, 22-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Rossiyaning Tula viloyatidagi Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markaziga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif davomida elchixonaning bosh konsuli Mehriddin Xayriddinov muassasada saqlanayotgan yurtdoshlarimizning yashash va ovqatlanish sharoitlari bilan yaqindan tanishdi. Aniqlangan muammo va kamchiliklar bo‘yicha Rossiya tomoni bilan qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi.

Markaz rahbariyati va Rossiya Ichki ishlar vazirligining viloyat boshqarmasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda fuqarolarimizning hujjatlarini tezkorlik bilan rasmiylashtirish va ularni qisqa fursatda Vatanga qaytarish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasida Markazda uzoq vaqtdan buyon saqlanib kelayotgan bir guruh O‘zbekiston fuqarolarini yaqin kunlarda yurtimizga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bosh konsul vatandoshlar bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston davlat siyosatida inson qadri va fuqarolar manfaati oliy qadriyat ekanini alohida ta’kidladi. Xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash va ularga zaruriy huquqiy yordam ko‘rsatish diplomatik vakolatxonaning ustuvor vazifasi bo‘lib qolishi qayd etildi.

Elchixona tomonidan Rossiyaning boshqa hududlaridagi shu kabi muassasalarda bo‘lib turgan fuqarolarimiz holidan xabar olish va ularga konsullik ko‘magini ko‘rsatish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish