Bokuda “Buxoro karvonsaroyi”ning ochilishi bo‘lib o‘tdi
Mart 22, 2026. 10:00 • 2 daq
• 87
BOKU, 22-mart. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjon poytaxtida keng ko‘lamli restavratsiya ishlari yakunlangan “Buxoro karvonsaroyi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan XV asr yodgorligi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning topshirig‘i va “Icherishahar” davlat tarixiy-me’moriy qo‘riqxonasi boshqarmasi iltimosiga binoan 3,5-yil ichida kapital ta’mirlandi. Ishlar Avstriyaning “Atelier Erich Pummer GmbH” kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi.
Tadbirda Ozarbayjon prezidenti yordamchisi, Haydar Aliyev fondi ijrochi direktori Anar Alekperov, madaniyat vaziri o‘rinbosari Saodat Yusufova, O‘zbekiston elchisi Bahrom Ashrafxonov, “Icherishahar” qo‘riqxonasi boshqaruvi raisi Rufat Mahmud, madaniyat va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar o‘tkazilgan restavratsiya tarixiy merosni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. “Buxoro karvonsaroyi”ning tarixi O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining ko‘p asrlik aloqalari bilan chambarchas bog‘liqligi ta’kidlandi. O‘tmishda u Movarounnahr shaharlaridan kelgan savdogarlar va sayyohlar uchun savdo, madaniy va do‘stona aloqalarni rivojlantirish markazi bo‘lib xizmat qilgan.
Yangi konsepsiyaga ko‘ra, karvonsaroy hunarmandlar uchun zamonaviy ijod maskaniga aylantirildi. Majmuada 18 ta xona bo‘lib, ularning har biridan turli yo‘nalishdagi ustalar foydalanadi. Bu yerda to‘quvchilik, haykaltaroshlik, ko‘nchilik, rassomlik, gilamdo‘zlik, miniatyura, badiiy kulolchilik va yog‘och o‘ymakorligi bo‘yicha mahorat darslari o‘tkaziladi.Bu tashrif buyuruvchilarga Ozarbayjon va O‘zbekiston xalq san’ati an’analari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi