Turkiyada O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi
Mart 15, 2026. 16:00 • 2 daq
• 219
ANQARA, 15-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Turkiya Ichki ishlar vazirligi Xavfsizlik bosh boshqarmasi Jamoat xavfsizligini taʼminlash departamenti vakillari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda Turkiya hududida vaqtincha yoki doimiy bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish, bedarak yo‘qolgan vatandoshlarni qidirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar yo‘qolgan fuqarolarni tezkor qidirish masalalari bo‘yicha maʼlumot almashishni kuchaytirish, tegishli idoralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib oldi.
Shuningdek, mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan chet el fuqarolarining murojaatlarini qabul qilish tartibini takomillashtirish, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuvlarni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Turkiya tomoni O‘zbekiston hukumatining o‘z fuqarolari huquqlarini himoya qilish va bedarak yo‘qolgan vatandoshlarni qidirish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi