Logo

Qozog‘istonda o‘tkazilgan referendumda fuqarolarining aksariyati yangi Konstitutsiya loyihasini qo‘llab-quvvatladi

Mart 16, 2026. 10:52 • 2 daq

152
Qozog‘istonda o‘tkazilgan referendumda fuqarolarining aksariyati yangi Konstitutsiya loyihasini qo‘llab-quvvatladi

OSTONA, 16-mart. /“Dunyo” AA/. 15-mart kuni Qozog‘istonda mamlakatning yangi Konstitutsiyasi loyihasi bo‘yicha respublika referendumiga ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Kazinform” AA tayanib.

Qozoq agentligining yozishicha, turli xil ekzit-so‘rovlarga ko‘ra, fuqarolarning aksariyati asosiy qonunning qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlagan.

Yevroosiyo integratsiya instituti ma’lumotiga ko‘ra, so‘rovnomada mamlakat bo‘ylab 200 ta saylov uchastkasida 30 mingga yaqin kishi ishtirok etgan. Ekzit-poll natijalariga ko‘ra, davomat 75,3 foizni tashkil etdi, so‘ralganlarning 86,7 foizi yangi Konstitutsiya loyihasini qabul qilish uchun ovoz berdi.

Kompleks ijtimoiy tadqiqotlar instituti ­– Ostona “Sotsis-A” ham o‘z natijalarini taqdim etdi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan fuqarolarning 87,4 foizi yangi asosiy qonunni qo‘llab-quvvatlagan. Uchastkalarda davomat, ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, 73,8% ni tashkil etdi.

Jamoatchilik siyosati institutining ma’lum qilishicha, so‘rovnomaga 400 dan ortiq intervyuer va supervayzerlar jalb qilingan. Ekzit-pollda 200 ta saylov uchastkasida 24 ming nafar fuqaro ishtirok etdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, referendumda ishtirok etganlar 72,1 foizni tashkil etdi, so‘rov ishtirokchilarining 88,6 foizi yangi Konstitutsiyani qabul qilish tarafdori ekanini bildirdi.

Eng yuqori davomat Qizilo‘rda viloyatida qayd etildi – 93,04 foiz. Saylovchilarning eng past faolligi Olmaotada qayd etilgan – 33,43 foiz. Mamlakat poytaxti Ostonada davomat 60,36 foizni tashkil qilgan.

Yangi Konstitutsiya loyihasi Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan. Hujjat davlat boshqaruvi tizimida bir qator o‘zgarishlarni nazarda tutadi. Xususan, ikki palatali parlamentni tugatib, uning o‘rniga bir palatali organ – Qurultoyni joriy etish taklif etilmoqda.

Shuningdek, prezidentga bosh prokuror, Konstitutsiyaviy va Oliy sud, Milliy bank raislari va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbarini yakka tartibda tayinlash huquqini berish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, bir palatali parlament roziligi bilan prezident tomonidan tayinlanadigan vitse-prezident lavozimini joriy etish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, agar ushbu qonun chiqaruvchi organ vitse-prezident, bosh vazir va parlament spikeri lavozimlariga taklif etilgan nomzodlarni ikki marta ma’qullamasa, davlat rahbari Qurultoyni tarqatib yuborishi mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish