“Hauptstadtecho”: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi global intellektual platformaga aylanmoqda
Iyul 15, 2026. 19:30 • 2 daq
• 8
BERLIN, 15-iyul. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “Hauptstadtecho” ommabop elektron nashrida 7-11-iyul kunlari yurtimizda bo‘lib o‘tgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilarining O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan murojaatiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda forum ishtirokchilari mamlakatimizda islom sivilizatsiyasining boy ilmiy, maʼnaviy va madaniy merosini o‘rganish, asrab-avaylash hamda xalqaro miqyosda targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuksak baholagani taʼkidlangan.
Murojaatda 50 dan ortiq mamlakatning xalqaro tashkilotlari, ilmiy va taʼlim muassasalari rahbarlari, vazirlar, muftiylar, olimlar va ekspertlari nomidan O‘zbekiston rahbariga chuqur hurmat va samimiy minnatdorlik bildirilgan.
Forum davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgani, u global ilmiy va gumanitar hamkorlik uchun muhim maydonga aylangani qayd etilgan. Prezidentning forum qatnashchilariga yo‘llagan murojaatida ilgari surilgan g‘oya va tamoyillar anjuman kun tartibini belgilab, samarali xalqaro ilmiy hamkorlik uchun mustahkam asos yaratgani taʼkidlangan.
Shuningdek, forumning Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilishi uning tarixiy va ilmiy ahamiyatini yanada oshirgani, bu zaminda asrlar davomida ilohiyot, falsafa, tibbiyot, matematika va astronomiya kabi ilmlar rivoj topgani alohida eʼtirof etilgan.
Forum ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish tashabbusini so‘nggi o‘n yillikdagi eng muhim xalqaro gumanitar tashabbuslardan biri sifatida baholagan.
Murojaat yakunida O‘zbekiston zaminida qabul qilingan qarorlar tinchlik, maʼrifat, o‘zaro hurmat va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga, islom sivilizatsiyasining boy maʼnaviy va intellektual merosini kelgusi avlodlarga yetkazishga xizmat qilishiga ishonch bildirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi