“Russia News”: Toshkentda qabul qilingan deklaratsiya islom sivilizatsiyasi merosini tiklashga xizmat qiladi
Iyul 14, 2026. 18:00 • 2 daq
• 135
MOSKVA, 14-iyul. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Russia News” internet nashrida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Islom sivilizatsiyasi forumi yakunlariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, “Tinchlik, bag‘rikenglik va maʼrifat yo‘li” mavzusida bo‘lib o‘tgan Islom sivilizatsiyasining birinchi xalqaro forumi yakunlari bo‘yicha deklaratsiya qabul qilinib, unda islom sivilizatsiyasining insonparvarlik merosini qayta tiklash va keng targ‘ib etishga qaratilgan qator aniq tashabbuslar ilgari surilgan.
Nashrning taʼkidlashicha, mazkur Deklaratsiyaning asosini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi minbaridan ilgari surilgan islom sivilizatsiyasining insonparvarlik merosini tiklash va targ‘ib qilish tashabbusi tashkil etadi.
Taʼkidlanganidek, hujjat dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan kelgan vakillar tomonidan imzolangan. Uning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, islom sivilizatsiyasi jahon ilm-fani, madaniyati va taʼlim taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan bo‘lsa-da, bu meros haligacha yetarlicha eʼtirof etilmagan. Bu, ayniqsa, dunyoda islomofobiya, ksenofobiya hamda islom haqidagi noto‘g‘ri tasavvurlar saqlanib qolayotgan bir sharoitda alohida ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, maqolada islom sivilizatsiyasi merosini asrab-avaylash va ommalashtirishga qaratilgan qator tashabbuslar haqida ham so‘z boradi. Jumladan, Islom sivilizatsiyasi butunjahon alyansini tashkil etish, raqamli platformalar va kutubxonalarni yaratish, xalqaro tadqiqot dasturlari, mukofotlar va jamg‘armalar taʼsis etish, ensiklopediya tayyorlash, shuningdek, olimlar, muzeylar va yoshlar o‘rtasida hamkorlik platformalarini shakllantirish taklif etilgan.
“Yangi deklaratsiya yakuniy hujjat sifatida emas, balki islom sivilizatsiyasining boy maʼnaviy va intellektual merosini asrab-avaylash hamda uning umuminsoniy qadriyatlarini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan uzoq muddatli amaliy hamkorlikning boshlang‘ich nuqtasi sifatida baholanmoqda”, - deya yakunlagan “Russia News”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi