Belarus Prezidenti va Andijon viloyati hokimi Vitebsk viloyatiga tashrif buyurdi
Iyul 15, 2026. 19:00 • 3 daq
• 38VITEBSK, 15-iyul. /“Dunyo” AA/. Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko va Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Vitebsk viloyatiga tashrif buyurib, u yerda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Belarusning “BelTA” axborot agentligi maʼlumotiga tayanib.
Hamkorlik rejalari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 8–9-iyul kunlari Belarusga qilgan rasmiy tashrifi chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida erishilgan kelishuvlar doirasida rivojlantirilmoqda. Ular turli sohalarga sarmoya kiritish va O‘zbekiston fuqarolarini Belarusga ishlashga jalb qilishni nazarda tutadi.
“Men O‘zbekiston Prezidentiga buni amalga oshirishga vaʼda berdim. Bu biz uchun manfaatli. Shu tariqa Vitebsk viloyati rivojlanadi”, – dedi Prezident Aleksandr Lukashenko.
Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rivojlantirishga va zarurat tug‘ilsa, qayta ishlash korxonasini birgalikda qurishga tayyor. “Biz birodarlarcha ishlaymiz! Bunga shubha qilmasangiz ham bo‘ladi”, – deya taʼkidladi Belarus yetakchisi.
Hokim Shuhrat Abdurahmonov Vitebsk viloyatida yaratilgan ish sharoitlari uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazdi.
Aleksandr Lukashenko o‘zbekistonlik ishchilar uy-joy bilan taʼminlanishi, ularning farzandlari esa belaruslik bolalar bilan bir xil shartlarda bolalar bog‘chalari va maktablarga borishi mumkin bo‘lishini qayd etdi. “Bu yerga kelgach, ular biz uchun begona emasligini bilishlari kerak”, – dedi u.
Shuningdek, Belarus rahbari nafaqat Vitebsk, balki Mogilyov viloyatining janubi-sharqiy tumanlarida ham ishlash imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi. O‘zbekiston fuqarolarini qishloq xo‘jaligi, qurilish, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohalariga, kichik tibbiyot xodimi sifatida jalb etish rejalashtirilmoqda.
Bir kun avval Andijon viloyatining dastlabki 255 nafar fuqarosi Vitebsk viloyatiga yetib kelgan edi. Umuman, erishilgan kelishuvlar doirasida mamlakatga jami 5 ming nafar ishchi yuborish rejalashtirilgan bo‘lib, ular sentyabr oyidan boshlab 500 kishilik guruhlarda kela boshlaydi.
Kelishuvlarda O‘zbekiston tomoniga yettita tumanda buqalarni bo‘rdoqiga boqish uchun 10 ta bino va 8 ming gektar qishloq xo‘jaligi yeri ajratish nazarda tutilgan. Viloyatning Beshenkovichi tumanida kartoshka yetishtirish uchun 2 ming gektar yer ajratiladi. Belarus hamkorlarni urug‘lik, texnologiyalar va mutaxassislar yordami bilan taʼminlashi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, tomonlar yog‘ochga ishlov berish, yog‘och yoqilg‘i pelletlarini ishlab chiqarish va qurilish sohalarida loyihalarni amalga oshirish niyatida. Vitebskda O‘zbekiston mahsulotlari savdo uyi ochildi va o‘zbek taomlari restorani uchun bino tanlandi. Bogushevsk shaharchasidagi sobiq sanatoriy-maktabni O‘zbekiston fuqarolari dam olishi uchun turistik bazaga aylantirish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent shahrida Belarus bilan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda fuqarolarni ishga joylashtirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish yuzasidan topshiriq berdi.
Birinchi bosqichda tanlov asosida 1,1 ming kishini Vitebsk va Belarusning boshqa viloyatlaridagi 13 ta korxonaga ishga yuborish rejalashtirilgan. Ushbu jarayonni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vitebsk shahrida O‘zbekiston Migratsiya agentligining vakolatxonasi ochiladi.
Yig‘ilishda Belarusning Vitebsk va boshqa viloyatlarida umumiy qiymati 100 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan 30 ta yangi qo‘shma loyiha to‘plami shakllantirilgani qayd etildi. Ular chorvachilik, yog‘ochga ishlov berish, logistika, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini qamrab oladi.
Yil oxirigacha Orsha stansiyasida imtiyozli tarif shartlarida eksport-import yuklariga xizmat ko‘rsatadigan intermodal logistika markazini ochish ham rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining Belarusga tashrifi doirasida tomonlar ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollargacha oshirishni hamda turli tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



