So‘nggi bir kun ichida Isroilning G‘azoga bergan zarbalari oqibatida 13 nafar falastinlik halok bo‘ldi
Iyul 15, 2026. 17:30 • 2 daq
• 51
BAYRUT, 15-iyul. /“Dunyo” AA/. So‘nggi bir kun ichida Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida kamida 13 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 18 kishi jarohatlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Anadolu” agentligiga tayanib.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi maʼlumotlariga ko‘ra, shifoxonalarga yangi hujumlar oqibatida halok bo‘lgan 12 kishining hamda avval olgan jarohatlari tufayli vafot etgan bir kishining jasadi keltirilgan. Qutqaruv xizmatlari yetib bora olmayotgani sababli, bir necha jabrlanuvchi vayronalar ostida va yo‘llarda qolib ketmoqda.
Idora bayonotiga ko‘ra, 2025-yil oktyabr oyida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganidan buyon Isroil hujumlari natijasida 1123 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 3600 dan ziyod kishi yaralangan.
Yangi to‘qnashuvlar AQSHning G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish yuzasidan davom etayotgan muzokaralar fonida yuz bermoqda. Misr, Turkiya va Qatar vositachiligida Qohirada bo‘lib o‘tgan so‘nggi muzokaralar HAMASni qurolsizlantirish, Isroil qo‘shinlarini olib chiqish hamda sektorni tiklash masalalariga bag‘ishlandi.
Muzokaralarga yaqin manbalarga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi ishonchsizlik tufayli hozircha sezilarli yutuqqa erishilmagan. HAMASning taʼkidlashicha, Isroil birinchi bosqich bo‘yicha majburiyatlarini, jumladan, qo‘shinlarni kelishilgan chiziqqa olib chiqishni bajarmaguncha, kelishuvning ikkinchi bosqichiga o‘tishga tayyor emas.
Shu bilan birga, Isroilning qo‘shni mamlakatlardagi ishtiroki atrofida ham keskinlik saqlanib qolmoqda. “Axios” portalining yozishicha, Donald Tramp Isroilni Suriyadan qo‘shinlarini qayta joylashtirishni boshlashga va Livandagi ishtirokini qisqartirishga chaqirgan.
Biroq Isroil hukumati qurolli guruhlar tahdidlarining oldini olish uchun Livan va Suriyaning ayrim hududlarida harbiy ishtirokini saqlab qolishini bir necha bor taʼkidlagan. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu 18-iyul kuni Vashingtonga tashrif buyurib, Amerika yetakchisi bilan uchrashadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi