Italiya matbuoti: Toshkentning 10 ta mashhur meʼmoriy majmuasi YUNESKO ro‘yxatiga kiritildi
Iyul 31, 2026. 16:00 • 2 daq
• 5
RIM, 31-iyul. /“Dunyo” AA/. Italiyaning yetakchi “ANSA”, “Italpress”, “Milano Finanza”, “Finestre sull‘Arte” kabi nufuzli nashrlarida Toshkent shahrining modernistik arxitekturasi YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilishiga bag‘ishlangan maqolalar chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrlarda yozilishicha, YUNESKOning Toshkentning 10 ta mashhur meʼmoriy majmuasini Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish qarori Pusan shahrida o‘tkazilayotgan Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida qabul qilindi.
YUNESKO eʼtirofiga 1960-yillardan 1990-yillar boshigacha bo‘lgan davrda barpo etilgan va 1966-yilgi vayronkor zilziladan so‘ng poytaxtimizning qayta tiklanishi hamda shaharsozlik qiyofasini aks ettiruvchi 10 ta mashhur bino va meʼmoriy majmua sazovor bo‘ldi.
Maqolada qayd etilishicha, ushbu obyektlarning nufuzli ro‘yxatga kiritilishi mamlakatimizda madaniy merosni saqlash va ommalashtirish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli davlat siyosatining amaliy natijasidir.
Nominatsiyani tayyorlash va ilgari surish ishlari O‘zbekiston Sanʼat va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Milan politexnika universiteti, GRACE arxitektura byurosi hamda xalqaro ekspertlar hamkorligida amalga oshirilgan.
“Ushbu voqea mamlakat uchun tarixiy ahamiyatga ega. Bu so‘nggi 25 yil ichida O‘zbekistonning YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga muvaffaqiyatli kiritilgan birinchi milliy arizasi bo‘lib, mamlakatning meʼmoriy merosni asrab-avaylash borasidagi saʼy-harakatlarining muhim xalqaro eʼtirofi bo‘ldi”, – deya xulosa qilingan materialda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi