“Avesta” AA: O‘zbekiston jahon moliyaviy tizimiga integratsiyalashuv yo‘lida muhim qadam tashladi

Avgust 05, 2026. 19:00 • 2 daq

55
“Avesta” AA: O‘zbekiston jahon moliyaviy tizimiga integratsiyalashuv yo‘lida muhim qadam tashladi

DUSHANBE, 5-avgust. /“Dunyo” AA/. Tojikistonning “Avesta” axborot agentligida “O‘zbekiston xalqaro huquq tilini qabul qilib, global moliyaviy tizimning ajralmas qismiga aylanmoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallifning taʼkidlashicha, O‘zbekistonda xalqaro huquq tilining qabul qilinishi huquqiy tizimni takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur hujjatning yuqori huquqiy maqomi qonunchilik barqarorligi va investorlar huquqlarini uzoq muddatli himoya qilishning mustahkam kafolatlarini taʼminlaydi.

Maqolada O‘zbekiston Konstitutsiyasi hamda bir qator asosiy kodekslar va qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartishlar kiritilganiga eʼtibor qaratilgan. Muallif fikricha, mazkur yangiliklar Toshkent xalqaro moliya markazining mamlakatning yagona huquqiy makoni doirasida samarali faoliyat yuritishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.

Nashrda yozilishicha, Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyati ingliz huquqi hamda Angliya va Uels adolat huquqi tamoyillari asosida tashkil etiladi. Mazkur yondashuv xalqaro banklar, investitsiya jamg‘armalari va transmilliy korporatsiyalar uchun huquqiy muhitning aniqligi va prognoz qilinishini taʼminlaydi.

Markazning eng muhim institutlaridan biri qonunchilik darajasida mustaqilligi kafolatlangan Toshkent xalqaro tijorat sudi bo‘ladi. Xalqaro nufuzga ega sudyalarni jalb qilish imkoniyati hamda sud qarorlarining O‘zbekiston hududida majburiy ijro etilishi xorijiy investorlar ishonchini yana-da mustahkamlaydi.

Ushbu qonunda xalqaro mutaxassislarni jalb etishga qaratilgan choralar, jumladan, soddalashtirilgan viza tartibi va xorijiy ekspertlarni qo‘shimcha mehnat ruxsatnomasisiz ishga qabul qilish imkoniyati nazarda tutilgan.

Muallif Toshkent xalqaro moliya markazining tashkil etilishi nafaqat yirik iqtisodiy loyiha, balki O‘zbekistonning eʼtirof etilgan xalqaro huquqiy standartlar asosida jahon moliyaviy tizimiga integratsiyalashuvini taʼminlaydigan strategik qadam ekanini taʼkidlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish