Indoneziyalik tadbirkorlar bilan hamkorlik loyihalari bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi
Fevral 05, 2026. 17:14 • 2 daq
• 8JAKARTA, 5-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizdagi “BMB Holding” kompaniyasi taʼsischilar kengashi raisi Bekzod Mamatqulov Jakarta shahrida Indoneziyaning qator yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqotlar doirasida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, o‘zaro manfaatli savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar muhokama qilindi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan “Arena Agro Adalan” kompaniyasi prezidenti Viyanto Allamshox bilan O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, shisha idishlar ishlab chiqarish, meva-sabzavot mahsulotlarini qadoqlash va eksportini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv natijasiga ko‘ra, indoneziyalik tadbirkorning O‘zbekistonga amaliy tashrifini tashkillashtirish hamda mamlakatimizda mavjud salohiyat va imkoniyatlar tahlili asnosida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.
“Vortech Corp FZCO” kompaniyasi prezidenti Farxan Mayendri va “Xikma Albros” shirkati rahbari Jay Abdulla Alatas bilan suhbatda hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, O‘zbekiston mahsulotlarini Indoneziya bozoriga olib chiqish, ikki tomonlama savdo aylanmasi ko‘rsatkichlarini oshirish kabi mavzular yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot yakunida Jizzax Erkin iqtisodiy zonasi hududida “Xikma Albros” kompaniyasi bilan hamkorlikda investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Rejaga ko‘ra, Jizzax viloyatida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona barpo etish ko‘zda tutilgan.
“Vortech Corp FZCO” kompaniyasi prezidenti bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish hamda “BMB Za‘faron Premium” brendi ostida Jakarta shahrida o‘zbek milliy taomlari restoranini taʼsis etish masalalari muhokama qilindi.
Indoneziya Oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqarish uyushmasi raisi Adxi Lukman bilan O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Indoneziya bozoriga yetkazib berish, eksport hajmlarini oshirish, ikki mamlakat o‘rtasida barqaror va raqobatbardosh logistika yo‘nalishlari va transport yo‘laklarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlar yakunida tabdirkorlik subyektlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish, Indoneziya tadbirkorlarining O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


