Vengriyaning Segeda universiteti bilan uzoq muddatli hamkorlik loyihalari amalga oshiriladi
Mart 04, 2026. 16:58 • 2 daq
• 217
BUDAPESHT, 6-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Budapeshtdagi elchixonasi diplomatlari Vengriya bilan xalqaro ta’lim hamkorligini yanada kengaytirish maqsadida Segeda universiteti prorektori, professor Zoltan Konya bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda Zoltan Konya 2026-yil mart oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston–Vengriya rektorlar forumi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Ushbu forum ta’lim sohasidagi O‘zbekiston–Vengriya hamkorligini mustahkamlash va yangi uzoq muddatli hamkorlik loyihalarini shakllantirish uchun samarali platforma sifatida muhimligi qayd etildi.
Vengriya tomoni akademik aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma ta’lim va tadqiqot tashabbuslarini amalga oshirish, O‘zbekistonning tegishli oliy o‘quv yurtlari bilan almashinuv dasturlarini kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.
Muloqot jarayonida Buxoro davlat pedagogika instituti bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum loyihasini ishlab chiqish, Seged universitetida o‘zbek tili kurslarini tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni chuqurlashtirish maqsadida konstruktiv muloqot va sa’y-harakatlarni amaliy muvofiqlashtirishni davom ettirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi