O‘zbekistonda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi
Mart 05, 2026. 14:29 • 2 daq
• 66PARIJ, 5-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish bo‘yicha Xalqaro maslahat qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish bo‘yicha Xalqaro maslahat qo‘mitasi (XMQ) – bu O‘zbekistonda jahon madaniy meros obyektlarini saqlash va boshqarish bo‘yicha xalqaro ekspertlardan tashkil topgan maslahat organi hisoblanadi. 2021-yilda mamlakatimizda tashkil etilgan mazkur tashkilot YUNYESKO bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Qo‘mita tarkibiga turli davlatlardan madaniy merosni muhofaza qilish, arxeologiya, arxitektura va shaharsozlik sohalaridagi xalqaro ekspertlar kiradi.
Onlayn tarzda tashkil etilgan uchrashuvda XMQga a’zo xorijlik yetakchi ekspertlar ishtirok etdi.
Suhbat davomida XMQning 2024–2025-yillardagi faoliyati, o‘tkazilgan yig‘ilishlar, xalqaro ekspertlarning O‘zbekistonga tashriflari va ularning amaliy natijalari sarhisob qilindi.
Shu bilan birga, XMQning a’zolari tomonidan tarixiy shaharlar boshqaruvi va landshafti, ularga taalluqli shaharsozlik normalari va standartlari bo‘yicha fikr almashildi.
Shaharlarning barqaror rivojlanishi va madaniy turizm boshqaruvi, arxeologik yodgorliklari boshqarish va umumjahon merosi obyektlari tizimlarini mustahkamlash bo‘yicha tegishli takliflar berildi. Mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirish, o‘quv treninglar tashkil etish va loyihalar boshqaruvi bo‘yicha tavsiyalar taqdim qilindi.
Madaniy meros agentligi tomonidan XMQning a’zolari taqdim etgan tavsiya va mulohazalarni O‘zbekistonda amaliyotga tatbiq etish holati yuzasidan axborot berildi.
Yig‘ilishda qo‘mitaning 2026–2027-yillardagi faoliyati istiqbollariga ham alohida ahamiyat qaratildi. Xususan, qo‘mitaning keyingi faoliyat davridagi hamkorlikning asosiy tamoyillari, tartibi, ustuvor maqsadlari va vazifalari bo‘yicha ma’lumot berildi.
XMQning xalqaro ekspertlar ishtirokida madaniy meros sohasida mahalliy mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishi muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

