“Infora News”: Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjonning energetika sohasidagi hamkorligi yangi bosqichga chiqdi
Iyul 24, 2026. 14:30 • 2 daq
• 21
ISLOMOBOD, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Infora News” nashrida “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon: “yashil” energetika makonini birgalikda barpo etayotgan strategik sheriklar” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning energetika sohasidagi hamkorligi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu jarayon, avvalo, davlat rahbarlarining o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan oqilona siyosati samarasidir.
Ana shu qatʼiy siyosiy iroda tufayli mintaqada ilgari faqat istiqbol sifatida baholangan yirik energetika tashabbuslari bugun amaliy bosqichga chiqib, Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti va global “yashil” transformatsiyasiga xizmat qilayotgan muhim loyihalarga aylanmoqda.
Nashrda taʼkidlanishicha, qayta tiklanuvchi energiya sohasida ham mamlakatlar maqsadlari o‘zaro uyg‘un. Asosiy vazifa – o‘zaro bog‘langan, raqobatbardosh, ekologik barqaror va tashqi bozorlar uchun ochiq bo‘lgan yagona mintaqaviy energetika makonini shakllantirishdir. Bu yo‘lda Ozarbayjonning ishtirok etishi hamkorlik geografiyasini yana-da kengaytiradi va Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan muhim strategik yo‘nalishni yuzaga keltiradi.
Nashrda qayd etilishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida shakllangan yuqori darajadagi siyosiy ishonch bugun amalda yirik transmilliy energetika loyihalari orqali o‘z ifodasini topmoqda. Shulardan eng muhimi – O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon tomonidan amalga oshirilayotgan “Yashil yo‘lak” tashabbusidir.
2024-yil noyabr oyida Boku shahrida COP29 doirasida imzolangan strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim mazkur tashabbusning huquqiy poydevorini mustahkamladi.
“Yashil yo‘lak” loyihasi nafaqat eksport yo‘lagi, balki Markaziy Osiyoda yagona integratsiyalashgan elektr bozorini shakllantirishga xizmat qiladigan muhim strategik platformadir. Loyiha mamlakatlar energetika tizimlarining o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish va investitsiyalarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Material yakunida: “Bu tashabbus O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklikning amaliy ifodasi bo‘lib, kelajakda Markaziy Osiyoni global “yashil” energetika zanjirining muhim bo‘g‘iniga aylantirishga xizmat qiladi”, deya taʼkidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi