Ispaniyalik fotograf 1890 va 2026-yillardagi O‘zbekistonni o‘zaro solishtirdi

Sentabr 10, 2026. 21:00 • 2 daq

62
Ispaniyalik fotograf 1890 va 2026-yillardagi O‘zbekistonni o‘zaro solishtirdi

MADRID, 10-sentabr. /“Dunyo” AA/. Ispaniyalik taniqli fotograf, XIX asr fotosuratlari tarixi tadqiqotchisi Pablo Martines Munyes 1890-yilda fransuz fotografi Pol Nadar bosib o‘tgan yo‘nalishning bir qismini takrorlash maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Safar yakunlari bo‘yicha ispaniyalik tadqiqotchi “Novastan” portalida “Pol Nadardan 136 yil o‘tib: O‘zbekiston fotograf nigohida” nomli maqolani chop etdi. Unda fransuz fotografining arxiv suratlari va o‘zining zamonaviy fotokadrlari o‘zaro qiyoslangan.

Pol Nadar 1890-yilda Parij shahridan Konstantinopol (bugun Istanbul shahri), Batumi, Tiflis, Boku, Buxoro va Samarqand orqali Toshkentgacha bo‘lgan ikki oylik sayohatni amalga oshirgan edi. Ushbu safar davomida u Markaziy Osiyo shaharlari, meʼmorchiligi, temir yo‘l tarmog‘i, bozorlari, mahalliy aholi va kundalik hayotini aks ettiruvchi 1800 ga yaqin fotosurat olgan.

Martines Munyes 2026-yilda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida bo‘ldi. Uning loyihasi eski suratlarni shunchaki aynan takrorlashni emas, balki mamlakatdagi o‘zgarishlarni ko‘rsatish hamda o‘tmish va bugungi kun o‘rtasida vizual muloqot yaratishni maqsad qilgan.

Fotograf meʼmorchilikka alohida eʼtibor qaratdi. U anʼanaviy merosning sovet modernizmi va zamonaviy binolar bilan uyg‘unligini, shuningdek, yangi madaniy-diniy majmualarda tarixiy shakllarning qayta talqin etilishini eʼtirof etdi.

Samarqanddagi Registon maydoni bunga yorqin misol bo‘ldi. Agar 1890-yilda bu maydon shahar kundalik hayotining ajralmas qismi bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda u O‘zbekistonning bosh ramzlaridan biri va turistik industriya markaziga aylangan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish