Toshkent shahrida havo sifati “yashil” darajaga yetdi
Noyabr 06, 2026. 18:00 • 2 daq
• 23
TOSHKЕNT, 6-noyabr. /“Dunyo” AA/. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston poytaxtida atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy ravishda nazorat qilib borilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, 6-noyabrga o‘tar kechasi Toshkent shahrida havo sifati kechki soatlarda yomonlashdi. Soat 20:00 dan boshlab havo sifati Xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha “nosog‘lom” darajaga yetdi. Yarim tundan keyin esa havo sifati yaxshilanib, tongi soatlarda “o‘rtacha” darajada kuzatildi. Milliy havo sifati indeksi bo‘yicha shaharning o‘rtacha ko‘rsatkichi yarim tungacha “sariq”, so‘ng “yashil” darajada bo‘ldi.
Kechki soatlarda kuchsiz shamol mahalliy va qo‘shni hududlarda shakllangan atmosfera tashlamalari hamda zarrachalarning tarqalishini cheklab, ularning yer yuzasiga yaqin qatlamda saqlanib qolishiga sharoit yaratdi. Yarim tundan keyin sharqdan iliq va quruq havo kirib kelishi, shamol tezligining kuchayishi hamda havo almashinuvining yaxshilanishi natijasida atmosfera zarrachalari tarqalib, havo sifati sezilarli darajada yaxshilandi.
Shuningdek, “Ekologik monitoring milliy markazi” davlat muassasasi mutaxassislari tomonidan Toshkent shahri va Qibray tumanida havo sifati holati bo‘yicha instrumental o‘lchovlar o‘tkazildi.
Prognozlarga ko‘ra, 6-noyabr kuni Toshkent shahrida havo sifati Xalqaro AQI bo‘yicha asosan “sezgir guruhlar uchun nosog‘lom”, milliy indeks bo‘yicha esa asosan “yashil”, ayrim muddatlarda esa “sariq” darajada bo‘lishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Qo‘mitaning ekopolitsiya xodimlari tomonidan fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida belgilangan tartibda Toshkent shahridagi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi korxona faoliyati o‘rganildi. Korxona tomonidan bir qator ekologik talablarga rioya qilinmagani aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi va mas’ullarga zarur ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, poytaxtdagi yana bir qurilish obyektida jiddiy ekologik qonunbuzarliklar aniqlanib, tegishli choralar belgilandi. Shuningdek, brifing o‘tkazilib, o‘simliklar qoldiqlarini yoqishning salbiy oqibatlari va bunday huquqbuzarliklar uchun qat’iy javobgarlik choralari belgilangani haqida keng jamoatchilikka batafsil ma’lumot berildi.
Hozirgi vaqtda reyd va nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi