YUNЕSKO sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro mukofotning ikkinchi tanlovini e’lon qildi

Noyabr 06, 2026. 16:00 • 2 daq

• 125
YUNЕSKO sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro mukofotning ikkinchi tanlovini e’lon qildi

PARIJ, 6-noyabr. /“Dunyo” AA/. YUNЕSKO Bosh direktori Holid al-Ananiy Sun’iy intellekt etikasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar uchun ta’sis etilgan Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNЕSKO–O‘zbekiston xalqaro mukofotining ikkinchi tanloviga arizalar qabul qilish boshlanganini e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

2024-yilda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ta’sis etilgan mazkur mukofot sun’iy intellekt etikasi sohasidagi tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ilk global mukofot hisoblanadi. Uning asosiy maqsadi sun’iy intellekt texnologiyalarini mas’uliyatli loyihalash, ishlab chiqish va joriy etishga ko‘maklashish, shuningdek, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

Uchta mukofot har ikki yilda bir marta topshiriladi. Har bir g‘olibga Abu Rayhon Beruniy nomidagi medal, sertifikat va pul mukofoti beriladi. Tanlovda sun’iy intellekt sohasidagi etik tamoyillar va amaliy yechimlarni rivojlantirishga hissa qo‘shgan alohida tadqiqotchilar, ilmiy muassasalar va tashkilotlar ishtirok etishi mumkin. Arizalarni qabul qilish 2027-yil 30-yanvarga qadar davom etadi.

Mukofotni topshirishning birinchi marosimi 2025-yil noyabr oyida Samarqand shahrida YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan edi. Unda professor Virjilio Avgusto Fernandes de Almeyda (Braziliya), professorlar Syuzan Perri va Klaudiya Mariya Jovanna Roda (Fransiya), shuningdek, Sinxua universitetining (Xitoy) Xalqaro sun’iy intellektni boshqarish instituti (I-AIIG) professorlari Lan Syue, Chjen Lyan va Syan Syao laureat deb topilgan edi. Ularning loyihalari etik, inklyuziv va mas’uliyatli texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan.

Ta’sis etilganidan buyon mukofot ilmiy tadqiqotlarni rag‘batlantirish, bilim almashish hamda yoshlarni sun’iy intellekt etikasi masalalariga jalb etish maydoniga aylandi. Xususan, 2026-yil aprel oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan Yoshlar forumida etik va inklyuziv sun’iy intellektni rivojlantirishda yosh avlodning roliga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

Shuningdek, 2026-yil avgust oyida Ostona shahrida o‘tkazilgan Sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro olimpiada doirasida mukofot laureatlari 300 nafardan ortiq ishtirokchi hamda 200 nafardan ziyod ekspert va tadqiqotchilar uchun ma’ruzalar qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish