O‘zbekiston haqidagi kitoblar Garvard universiteti kutubxonasiga taqdim etildi

Noyabr 03, 2026. 12:00 • 2 daq

• 100
O‘zbekiston haqidagi kitoblar Garvard universiteti kutubxonasiga taqdim etildi

KЕMBRIJ, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, mustaqillik yillaridagi islohotlari va milliy merosiga bag‘ishlangan qator kitoblar AQShdagi nufuzli Garvard universiteti kutubxonasiga taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Taqdim etilgan kitoblar orasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ingliz tilida nashr etilgan asarlari ham bor. Xususan, Prezidentning “Yangi O‘zbekistonning “yashil” taraqqiyot yo‘li” kitobi, “Shavkat Mirziyoyev – jahon miqyosidagi davlat va siyosat arbobi”, “Mustaqillik zafarnomasi” hamda “Yangi O‘zbekiston: tinchlik, insonparvarlik va bag‘rikenglik diyori” kitob-albomlari topshirildi.

Ushbu nashrlarda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, ekologik barqarorlik, tashqi siyosat, insonparvarlik tamoyillari va mustaqillik yillaridagi taraqqiyot jarayonlari yoritilgan. Mazkur asarlar xorijlik talabalar, olimlar va tadqiqotchilarga O‘zbekistonning bugungi rivojlanishi hamda tarixi haqida ma’lumot olish imkonini beradi.

1638-yilda tashkil etilgan Garvard universiteti kutubxonasi bugungi kunda 25 dan ortiq kutubxona va bo‘linmani birlashtiradi. Uning fondlarida 20 milliondan ortiq kitob va boshqa materiallar saqlanadi. Manbalar 460 dan ziyod tilni qamrab oladi.

Garvardning noyob kitoblar va qo‘lyozmalar bilan ishlashga ixtisoslashgan Xouton kutubxonasi vakili Kristina Jeykobson taqdim etilgan nashrlar xalqaro ilmiy muhitda O‘zbekiston haqidagi bilimlarni kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

“Barqaror rivojlanish markazi” NNT bo‘lim boshlig‘i Avazbek Xolbekovning qayd etishicha, O‘zbekistonning taraqqiyot tajribasi va ma’naviy merosiga bag‘ishlangan kitoblar taqdimoti avvalroq BMTda ham o‘tkazilgan. U Garvard universiteti rahbariyatiga ushbu nashrlarni akademik muhitda targ‘ib etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Mazkur tashabbus O‘zbekiston haqidagi ilmiy va madaniy manbalarning xorijiy kutubxonalarda jamlanishi, ulardan xalqaro tadqiqotlarda foydalanish imkoniyatlarining kengayishiga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish