“Origo”: YUNЕSKO O‘zbekiston tashabbusini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi

Noyabr 03, 2026. 11:30 • 2 daq

• 102
“Origo”: YUNЕSKO O‘zbekiston tashabbusini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi

BUDAPЕSHT, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning “Origo” nashrida “YUNЕSKO O‘zbekistonning madaniy merosni muhofaza qilish tashabbusini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning madaniy merosni muhofaza qilishga qaratilgan xalqaro tashabbusi YUNЕSKO Ijroiya kengashi tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. Mazkur qaror O‘zbekistonning jahon madaniy merosini asrash borasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasining muhim e’tirofi bo‘ldi.

Qaror YUNЕSKOning Parijdagi shtab-kvartirasida tashkilot Ijroiya kengashining 225-sessiyasi doirasida qabul qilindi. Ushbu tashabbus O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tgan yil oktyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNЕSKO Bosh konferensiyasi sessiyasida ilgari surilgan edi.

Tashabbus iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar va globallashuv jarayonlari tufayli madaniy meros obyektlariga yuzaga kelayotgan tahdidlarning oldini olish, ularni muhofaza qilishda davlatlar, xalqaro tashkilotlar va ilmiy jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan.

Nashrda yozilishicha, qabul qilingan qarorga muvofiq, 2027-yilda O‘zbekistonning Xiva shahrida YUNЕSKO ishtirokida xalqaro simpozium o‘tkaziladi. Unda mutaxassislar madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va an’anaviy bilimlarni asrab qolish masalalarini muhokama qiladi.

O‘zbekiston tashabbusini YUNЕSKOga a’zo 54 ta davlat, jumladan, Xitoy, Ispaniya, Gretsiya, Portugaliya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjon qo‘llab-quvvatladi.

Tashabbusni ma’qullagan davlatlar vakillari iqlim o‘zgarishi va globallashuv oqibatlari milliy chegaralar bilan cheklanmasligini ta’kidlab, madaniy merosni asrash uchun xalqaro hamkorlik va birgalikdagi sa’y-harakatlar zarurligini qayd etdi.

Mazkur qaror O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini asrashga qaratilgan sa’y-harakatlari xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatadi.

2027-yilda Xivada o‘tkaziladigan simpozium madaniy merosni muhofaza qilish sohasida xalqaro tajriba almashish va amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish