Yaponiyada Kiyoko Ivamotoga O‘zbekiston “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni topshirildi
Noyabr 03, 2026. 13:00 • 2 daq
• 104TOKIO, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasida ushbu davlatning “Cultural Sending Promotion Committee” tashkiloti rahbari Kiyoko Ivamotoga O‘zbekiston “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur madaniy tadbir O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, milliy san’atimiz va boy madaniy merosimizni xalqaro hamjamiyat orasida keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda Kiyoko Ivamotoning ikki mamlakat o‘rtasida madaniyat, san’at va musiqa sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi alohida e’tirof etildi.
Kiyoko Ivamoto ko‘p yillardan buyon yurtimizda o‘tkaziladigan xalqaro baxshichilik va lazgi festivallari, maqom san’ati anjumanida faol ishtirok etib kelmoqda.
Uning Yaponiyada “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ni o‘tkazish, turli madaniy-ma’rifiy uchrashuv va ko‘rgazmalarni tashkil etish, o‘zbek san’atkorlari va musiqachilarining xalqaro tadbirlarda qatnashishini qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlari alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Kiyoko Ivamoto “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganidan mamnunligini bildirib, O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan e’tibor va mukofot kutilmagan, shu bilan birga, juda quvonarli voqea bo‘lganini ta’kidladi.
– Bunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘lganimdan juda baxtiyorman. Bu men uchun ulkan sharafdir. Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu madaniy almashinuvlarga o‘z hissamni qo‘shish maqsadida O‘zbekistonga turli kitoblar, pianino, kimonolar va milliy musiqa asboblarini hadya qilganman. O‘z navbatida, O‘zbekistonga amalga oshirgan safarlarim davomida o‘zbek xalqining yuksak e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘lganman, – deydi Kiyoko Ivamoto.
Marosimda yana bir muhim masala – 2027-yilda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligini munosib nishonlash bo‘yicha ham fikr almashildi. Shu munosabat bilan Yaponiyada madaniy tadbirlar, konsertlar, ko‘rgazmalar va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari muhokama qilindi.
Kiyoko Ivamoto ushbu mukofot unga katta mas’uliyat yuklashini bildirib, kelgusida ham ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni rivojlantirish yo‘lida astoydil harakat qilishini qayd etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


