“Komsomolskaya pravda”: O‘zbekiston 35 yil ichida markazlashgan va xomashyoga asoslangan iqtisodiyotdan yana-da ochiq va diversifikatsiyalashgan rivojlanish modeliga o‘tdi
Avgust 28, 2026. 20:00 • 2 daq
• 82
MOSKVA, 28-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Komsomolskaya pravda” gazetasida siyosiy fanlar doktori Abror Yusupovning istiqlol yillarida mamlakatda amalga oshirilgan islohotlarga bag‘ishlangan tahliliy maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallifning taʼkidlashicha, o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston markazlashgan va xomashyoga asoslangan iqtisodiyotdan yana-da ochiq va diversifikatsiyalashgan rivojlanish modeliga o‘tdi.
Nashrda so‘nggi o‘n yillikda iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish va raqamlashtirishga qaratilgan islohotlarga alohida eʼtibor qaratilgan.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakat YAIM 7,7 foizga o‘sib, 145 milliard dollardan oshgan. Xalqaro moliya tashkilotlari esa iqtisodiy o‘sishning yuqori surʼatlari saqlanib qolishini taxmin qilmoqda.
Davlat boshqaruv tizimi va jamiyat o‘rtasida yaqin munosabatlarning o‘rnatilgani mamlakat taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etdi. Islohotlar asosan maʼmuriy boshqaruvdan fuqarolarning hayot sifatini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish va qayta aloqa mexanizmlarini kengaytirishga qaratilmoqda.
Gazetada yozilishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi ishonchning mustahkamlanishi, savdo va sarmoyaviy aloqalarning rivojlanishi mintaqaning kelgusi integratsiyasi uchun zamin yaratadi.
O‘zbekistonning rivojlanish bosqichi ko‘p jihatdan mehnat unumdorligi, raqamlashtirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishlariga moslashish va jahon iqtisodiyotiga yana-da integratsiyalashuvga bog‘liq bo‘lmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi