“Kyiv diplomatic”: O‘zbekiston Prezidentiga Samarqandda barpo etilayotgan “Buyuk ipak yo‘li” muzeyi loyihasi taqdim etildi
Aprel 24, 2026. 16:25 • 2 daq
• 210
KIYEV, 24-aprel. /“Dunyo” AA/. Ukrainaning “Kyiv diplomatic” nashrida O‘zbekistonda madaniyat va turizm sohasidagi yangi loyihalar bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, Samarqandda barpo etilayotgan “Buyuk ipak yo‘li” muzeyi loyihasi eng muhim tashabbuslardan biridir. Mazkur majmuada 6 mingdan ziyod noyob arxeologik va sanʼat eksponatlari namoyish etiladi. Muzey tarkibida bolalar akademiyasi, konservatsiya va tadqiqot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Maqolada taʼkidlanganidek, O‘zbekiston hukumati 2030-yilga qadar madaniyat sohasini rivojlantirish uchun 82 million dollardan ortiq mablag‘ ajratishni rejalashtirgan.
Bu mablag‘ respublika bo‘ylab 839 ta madaniyat markazini transformatsiya qilish va infratuzilmasini yangilashga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, mediamakonda milliy kontentni ko‘paytirishda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish ko‘zda tutilmoqda.
Turizm tarmog‘idagi ko‘rsatkichlar ham xalqaro ekspertlar eʼtiborida. Joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonga 3 millionga yaqin sayyoh tashrif buyurgan (o‘sish 37 foiz), turizm xizmatlari eksporti esa 1,1 milliard dollarga yetgan. Davlat rahbari tomonidan 2030-yilga borib xorijiy sayyohlar sonini 20 millionga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Bu maqsadga erishish uchun 2026–2027-yillarda 31 ta bosh reja asosida 40 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Sayyohlik mahallalari va qishloqlari soni 84 taga yetkaziladi. Shuningdek, xorijiy sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha targ‘ibot xarajatlarining 25 foizigacha qismi davlat tomonidan qoplab berilishi kabi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi.
Nashrning xulosa qilishicha, O‘zbekistonning bu kabi izchil islohotlari mamlakatni mintaqaning eng yirik madaniy va sayyohlik markaziga aylantirishga qaratilgan strategik qadamdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi