“London Post”: YUNЕSKO O‘zbekiston tashabbusini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi
Noyabr 04, 2026. 15:30 • 2 daq
• 141
LONDON, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning “London Post” axborot portalida YUNЕSKO Ijroiya kengashi O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan madaniy merosni globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida asrashga qaratilgan tashabbusni bir ovozdan ma’qullagani xususida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrning yozishicha, ushbu qaror 2026-yil 31-oktabr kuni Parijda bo‘lib o‘tgan YUNЕSKO Ijroiya kengashining 225-sessiyasida qabul qilingan. Bu tashabbus Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yili Samarqandda o‘tkazilgan YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ilgari surilgan edi.
Qaror madaniy merosni iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar, urbanizatsiya va globallashuv ta’siridan himoya qilish, bu borada xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda ilg‘or tajriba va ilmiy bilimlar almashinuvini rivojlantirishga qaratilgan.
Tashabbus doirasida 2027-yilda Xiva shahrida YUNЕSKO hamkorligida madaniy merosni asrash masalalariga bag‘ishlangan xalqaro simpozium o‘tkazish taklifi ham ma’qullandi.
Maqolada ta’kidlanishicha, ushbu nufuzli tadbirda turli mamlakatlardan olimlar, mutaxassislar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etib, madaniy yodgorliklarni zamonaviy tahdidlardan himoya qilish, ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash va milliy an’analarni saqlash masalalarini muhokama qiladi.
O‘zbekiston tashabbusini YUNЕSKOga a’zo 54 ta davlat qo‘llab-quvvatlab, qaror loyihasiga hammualliflik qildi. Ular orasida Xitoy, Ispaniya, Gretsiya, Portugaliya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi davlatlar bor.
Mazkur qaror O‘zbekistonning madaniy merosni asrash borasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasining e’tirofidir.
2027-yilda Xivada o‘tkazilishi rejalashtirilgan simpozium jahon madaniy merosini muhofaza qilish bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhim xalqaro maydonga aylanishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi