“London Post”: Samarqand sammiti bolalar farovonligi sohasidagi global ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi
Oktabr 29, 2026. 09:30 • 2 daq
• 150
LONDON, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning “London Post” axborot portalida Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Bolalar farovonligiga investitsiyalar: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot yo‘lida” mavzusidagi xalqaro sammit haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrning yozishicha, O‘zbekistonda o‘tkazilgan ikki kunlik sammit BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha maxsus vakili, YUNISЕF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Sammit davomida BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga sodiqlikni tasdiqlovchi Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Ustuvor vazifalar qatorida bolalarni zo‘ravonlik, shafqatsiz muomala va ekspluatatsiyadan himoya qilish, raqamli muhitda ularning xavfsizligini ta’minlash, erta yoshdagi bolalarni rivojlantirishga investitsiyalarni ko‘paytirish, inklyuziv ta’lim va tibbiy xizmatlar ko‘rsatish belgilangan.
Deklaratsiya hukumatlarni bolalar manfaatlari yo‘lida davlat investitsiyalarini bosqichma-bosqich ko‘paytirishga, xalqaro moliya institutlari va xususiy sektorning ishtirokini kengaytirishga, past va o‘rta daromadli mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga chaqiradi.
Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka mutlaqo toqat qilmaslik siyosatiga chaqirdi.
“Bolalar – bizning kelajagimiz. Ona bo‘lganimdan keyin bu so‘zlarni boshqacha qabul qila boshladim”, – deydi Shahnoza Mirziyoyeva.
Sammit doirasida O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva tashabbusi bilan Samarqandda maktabgacha ta’lim, ixtisoslashtirilgan ta’lim va bolalar uchun reabilitatsiya xizmatlarini birlashtirgan “IMKON” markazi ochildi.
Materialda qayd etilishicha, 2025-yilda markazlar tarmog‘ida 546 mingdan ortiq muolaja va mashg‘ulotlar o‘tkazildi hamda ambulator reabilitatsiya doirasida 3 777 nafar bola qo‘llab-quvvatlandi.
Sammitning uzoq muddatli ahamiyati davlatlarning o‘z majburiyatlarini milliy siyosat, moliyalashtiriladigan dasturlar va bolalar hayotidagi sezilarli yaxshilanishlarga qay darajada tatbiq etishiga bog‘liq.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi