“London Post”: O‘zbekiston–Afg‘oniston savdo-iqtisodiy aloqalari tobora kengaymoqda

Iyul 07, 2026. 11:30 • 3 daq

86
“London Post”: O‘zbekiston–Afg‘oniston savdo-iqtisodiy aloqalari tobora kengaymoqda

LONDON, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning ommabop “London Post” axborot portalida “Yangi media” taʼlim markazi direktori Beruniy Alimovning “O‘zbekiston va Afg‘oniston: savdo – mintaqaviy barqarorlikning asosi” sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda so‘nggi yillarda O‘zbekiston o‘zining iqtisodiy salohiyatini faol oshirib, Markaziy Osiyoning eng jadal rivojlanayotgan bozorlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlayotgani haqida so‘z yuritilgan. Mamlakatimizning yangi rivojlanish strategiyasida tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish va mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirishga alohida ahamiyat berilayotgani taʼkidlangan.

Afg‘oniston O‘zbekiston biznesi uchun eng tez rivojlanayotgan tashqi bozorlardan biri sifatida o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda. So‘nggi paytlarda savdo-iqtisodiy hamkorlik barqaror ijobiy dinamikani namoyon etmoqda.

“Chegaraoldi savdosining rivojlanishi nafaqat mintaqaviy iqtisodiyotni mustahkamlaydi, balki Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va boshqa mintaqalar bozorlariga chiqish uchun barqaror platforma yaratadi”, deya urg‘ulangan maqolada.

Muallif 2024-yilda ochilgan “Termiz” xalqaro savdo markazi O‘zbekiston–Afg‘oniston chegarasida qulay biznes muhitini yaratish, logistika imkoniyatlarini kengaytirish, savdo tartib-taomillarini soddalashtirish hamda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiyani mustahkamlashga xizmat qilayotganini eʼtirof etgan.

“Siyosiy iqtisodiyot nuqtai nazaridan, ushbu hududning tashkil etilishi Afg‘oniston bilan institutsional savdo hamkorligini kengaytirish, norasmiy savdo kanallariga qaramlikni kamaytirish, O‘zbekistonning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy tranzit markazi sifatidagi rolini mustahkamlash kabi bir nechta strategik maqsadlarni ko‘zlaydi”, deb yozilgan maqolada.

O‘zbekiston uchun mazkur loyiha mamlakatning mintaqaviy logistika va savdo markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi. Ayniqsa, oziq-ovqat, qurilish materiallari, to‘qimachilik, farmatsevtika kabi sohalardagi ishlab chiqaruvchilar uchun eksport imkoniyatlari kengaymoqda. Tovar ayirboshlash hajmining o‘sishi biznes daromadlarining ko‘payishiga, kichik va o‘rta tadbirkorlikning rivojlanishiga, yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga xizmat qilmoqda.

“London Post” Termiz bugungi kunda asta-sekin hududlararo savdoning muhim maydoniga aylanayotganiga eʼtibor qaratgan. Tovar ayirboshlash hajmining o‘sishi, ishbilarmonlik aloqalarining faollashuvi va infratuzilmaning rivojlanishi ushbu yo‘nalishning yuqori salohiyatini namoyon etmoqda. Mavjud muammolarga qaramay, loyihaning strategik ahamiyati yuqoriligicha qolmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning tobora kengayishi, davlatlar o‘rtasidagi ishonchning mustahkamlanishi mintaqa rivojlanishiga asos bo‘lmoqda. Istiqbolda “Termiz” xalqaro savdo markazi Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va jahon bozorlari bilan bog‘laydigan transport-savdo yo‘laklari tizimining muhim qismiga aylanishi mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish