“Delovoy Peterburg”: Yozgi Toshkent sayyohlar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda
Iyul 07, 2026. 09:30 • 2 daq
• 34
SANKT-PETERBURG, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston bosh konsuli Abdurahmon Mahmudov “Delovoy Peterburg” nashriga bergan intervyusida Toshkentning o‘ziga xos jihatlari haqida so‘z yuritdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Intervyuda taʼkidlanishicha, Toshkent boy tarixiy-madaniy meros va zamonaviy shahar infratuzilmasini o‘zida uyg‘unlashtirgan bo‘lib, sayyohlarga diqqatga sazovor maskanlar, gastronomik yo‘nalishlar hamda mazmunli dam olish uchun keng imkoniyatlarni taqdim etadi. Shuningdek, quruq iqlim tufayli yozgi yuqori harorat nisbatan yengil o‘tishi poytaxtning muhim ustunliklaridan biri sifatida qayd etilgan.
Nashr Toshkentga tashrif buyuruvchilarga O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri, Amir Temur xiyoboni, Temuriylar tarixi davlat muzeyi kabi tarixiy va madaniy obidalar bilan bir qatorda zamonaviy shahar meʼmorchiligi namunalari bilan ham tanishishni tavsiya etadi.
Maqolada gastronomik turizm masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Chorsu bozori poytaxtning eng o‘ziga xos manzillaridan biri bo‘lib, u yerda mashhur o‘zbek palovi, milliy taomlar hamda mavsumiy mevalardan bahramand bo‘lish mumkin.
Materialda taʼkidlanishicha, yoz faslida quyosh botgach, Toshkent butunlay yangi qiyofa kasb etadi. Kechayu kunduz faoliyat yurituvchi ko‘chalar, gastronomik maskanlar, musiqali favvoralar, ochiq ayvonli restoranlar, bog‘lar va madaniy tadbirlar poytaxtning o‘ziga xos muhitini shakllantiradi.
Toshkentdan uncha uzoq bo‘lmagan Chimyon, Chorvoq, Bildirsoy va Amirsoy tog‘-dam olish maskanlari ekoturizm uchun eng ommabop yo‘nalishlardan biri ekani qayd etilgan.
Abdurahmon Mahmudov qayd etishicha, Toshkentga birinchi safar hayotda faqat bir marta bo‘ladi. Shuning uchun har kim shahar bilan tanishuvni o‘zicha boshlaydi. Toshkentga tashrif buyuring, uning ko‘chalarida sayr qiling, milliy taomlardan bahramand bo‘ling, mahalliy aholi bilan muloqot qiling va poytaxtda albatta ko‘rish lozim bo‘lgan maskanlar ro‘yxatini o‘zingiz shakllantiring.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi