Bokudan munosabat: O‘zbekiston tashabbuslari iqlim muammolarini hal etishda kompleks yondashuvni talab etadi

Noyabr 13, 2026. 08:10 • 3 daq

• 45
Bokudan munosabat: O‘zbekiston tashabbuslari iqlim muammolarini hal etishda kompleks yondashuvni talab etadi

BOKU, 13-noyabr. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjonlik dekarbonizatsiya va iqlim sohasini moliyalashtirish masalalari bo‘yicha xalqaro ekspert Marina Olshanskaya “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining Antaliyada bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) doirasidagi Butunjahon yetakchilar sammitidagi ishtiroki xususida fikr bildirdi.

– O‘zbekiston Prezidenti Antaliya sammitida global iqlim kun tartibida muhim ahamiyat kasb etuvchi qator yo‘nalishlarni belgilab berdi.

Avvalo, ekologiya bo‘yicha erta ogohlantirish tizimlarini takomillashtirish masalasiga e’tibor qaratildi. Bu borada gap nafaqat ob-havo prognozlarining aniqligini oshirish, balki ekologik xavf-xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash, insonlar qurbon bo‘lishining oldini olish va iqtisodiy zararni minimallashtirish imkonini beradigan ilmiy ma’lumotlarni tezkorlik bilan aniq amaliy choralarga aylantirish haqida bormoqda.

Mazkur masala global vazifa bo‘lib, uning yechimi amaliy mintaqaviy hamkorlikni talab etadi. Iqlim xatarlari kuchayib, ekstremal tabiiy hodisalar tez-tez takrorlanayotgan bir sharoitda O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi tashabbusi g‘oyat dolzarbdir.

Texnologiyalar va innovasion yechimlarni rivojlantirish bo‘yicha bildirilgan tashabbuslar ham alohida ahamiyatga ega. Shu o‘rinda O‘zbekistonda mutaxassislar tayyorlash va yangi texnologiyalarni yaratish uchun zarur ilmiy-ta’lim bazani shakllantirayotgan Green University tashkil etilganini alohida qayd etmoqchiman.

Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda har bir davlat milliy xususiyatlari va iqlimini inobatga olgan holda o‘z texnologiyalarini ishlab chiqishi lozim.

O‘zbekiston uchun bu, eng avvalo, chang bo‘ronlari, qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va boshqa tabiiy ofatlar bilan bog‘liq muammolardir. Shu sababli mahalliy ilmiy salohiyatni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash hamda mavjud sharoitlarga yuqori darajada moslashtirilgan yechimlarni yaratish kerak. O‘zbekiston bu yo‘nalishda allaqachon ish olib bormoqda hamda shaxsan Prezidentning o‘zi mazkur masalaga e’tibor qaratmoqda.

Shu bilan birga, iqlim sohasini moliyalashtirish Antaliyadagi konferensiyaning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Global iqlim maqsadlariga erishish uchun salmoqli moliyaviy resurslar talab etiladi. Biroq bu mablag‘larni nafaqat jalb qilish, balki ularning davlatlar uchun maqbul shartlarda taqdim etilishini ta’minlash ham muhimdir.

O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, iqlim sohasini moliyalashtirishda imtiyozli kreditlar, grant ko‘magi va boshqa qulay moliyaviy vositalar alohida ahamiyatga ega. Biz kelajak avlod uchun ekologik toza atrof-muhitni asrab qolishdek mas’uliyatli vazifani amalga oshirishimiz zarur.

Shu sababli muvozanatni tiklash, xalqaro moliya institutlari bilan sheriklikni rivojlantirish hamda iqlim bo‘yicha tashabbuslarni milliy iqtisodiyotga ortiqcha yuk tushirmasdan amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish darkor.

Umuman olganda, yuqoridagi ekologik yo‘nalishlar o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lib, iqlim muammolarini hal etishda kompleks yondashuvni talab etadi. Buning uchun xatarlardan o‘z vaqtida ogohlantirish, tizimga so‘nggi texnologiyalarni tatbiq etish hamda sohani moddiy jihatdan ta’minlash lozim.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish