Buxoro va Italiyaning Siyena shahri o‘rtasida hamkorlik o‘rnatiladi

Sentabr 20, 2026. 09:10 • 2 daq

97
Buxoro va Italiyaning Siyena shahri o‘rtasida hamkorlik o‘rnatiladi

RIM,-18-sentyabr. /»Dunyo» AA/. O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiyaning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lmish Siyena meri Nikoletta Fabio bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Uchrashuvda Siyena va Buxoro o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish istiqbollari muhokama qilindi.

Shahar meri ushbu hamkorlik kegusida iqtisodiy, madaniy va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalarda uzoq muddatli do‘stona munosabatlarni rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratishini ta’kidladi.

Nikoletta Fabio shahar haqida to‘xtalib, XIII–XIV asrlarda Siyena kuchli mustaqil hududiy tuzilma bo‘lganini qayd etdi. Bugungi kunda shahar turistik va madaniy markaz, xususan, Pyatssa-del-Kampo maydoni hamda an’anaviy Palio-di-Siyena ot choptirish musobaqalari bilan mashhur. Shaharning tarixiy markazi YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Merning so‘zlariga ko‘ra, Siyena iqtisodiyoti asosan turizm, qishloq xo‘jaligi, xususan uzumchilik va vinochilik, shuningdek, Siyena universiteti tomonidan taqdim etiladigan ta’lim sohasiga tayanadi.

Uchrashuv davomida Siyena meri O‘zbekistonga tashrif buyurishdan manfaatdor ekanini bildirib, yaqin muddatda shahar administratsiyasining mamlakatimizga tashrifini tashkil etish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Tashrif doirasida mahalliy hokimiyat organlari rahbariyati bilan Siyena va Buxoro o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish to‘g‘risidagi tegishli hujjat loyihasini imzolash masalalarini muhokama qilish rejalashtirilmoqda.

Shaharlar o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha tegishli ishlarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish