Italiyaning Emiliya-Romanya viloyati va Namangan viloyati o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatiladi
Sentabr 14, 2026. 19:30 • 2 daq
• 64
RIM, 14-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiyaning Emiliya-Romanya viloyati prezidenti Mikele de Paskale bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hududlararo hamkorlik jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan tomonlar Emiliya-Romanya hududi va Namangan viloyati o‘rtasida bevosita aloqalarni o‘rnatish masalalarini muhokama qildi.
Ikki hududning yuqori sanoat va ishlab chiqarish salohiyati, iqtisodiyotda sanoat tarmoqlarining salmoqli o‘rni hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilayotgani o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratayotgani urg‘ulandi.
Muzokaralar davomida Emiliya-Romanya kompaniyalarini O‘zbekistonda istiqbolli investitsiya va sanoat loyihalarini amalga oshirishga jalb etish, shuningdek, ikki hudud o‘rtasida texnologik va innovatsion hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Italiya regionida mavjud bo‘lgan tegishli infratuzilmadan foydalangan holda sun’iy intellekt va yuqori unumdorlikka ega hisoblash sohasida O‘zbekiston bilan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumot uchun, Emiliya-Romanya Italiyaning iqtisodiy va sanoat jihatdan eng rivojlangan hududlaridan biri hisoblanadi. 2025-yilda regionning yalpi hududiy mahsuloti qariyb 203 milliard yevroni tashkil etdi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAHM ko‘rsatkichi bo‘yicha u mamlakatda ikkinchi o‘rinni egallaydi.
Emiliya-Romanya mashinasozlik, avtomobilsozlik, agrooziq-ovqat sanoati, qadoqlash texnologiyalari va farmatsevtika kabi sohalarda yuqori salohiyatga ega. Hududda Ferrari, Lamborghini, Ducati, Max Mara, Technogym, Pagani, Dallara va Barilla kabi dunyoga mashhur kompaniyalar faoliyat yuritadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi