Seulda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi sanoat vazirlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Sentabr 14, 2026. 17:30 • 3 daq

83
Seulda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi sanoat vazirlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

TOSHKENT, 14-sentabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Seul shahrida “Koreya va Markaziy Osiyoning o‘sish va innovatsiyalar yo‘lidagi kelajak hamkorligi” mavzusida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi sanoat vazirlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Koreya Respublikasi savdo, sanoat va resurslar vaziri Kim Jung-kvan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning tegishli idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, uchrashuv “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” birinchi sammiti arafasida bo‘lib o‘tdi. Yangi vazirlar formati siyosiy muloqotni sanoat, savdo va texnologiyalar sohasidagi aniq kun tartibi bilan to‘ldirish, mintaqa korxonalari va Koreya biznesi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.

Yanada chuqur kooperatsiyaga o‘tish iqtisodiy aloqalarning erishilgan ko‘lamiga tayanadi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 foizga oshib, 10 milliard dollardan oshdi.

Joriy yilning yanvar–iyul oylarida ushbu ko‘rsatkich 25 foiz o‘sish bilan 6,5 milliard dollarga yetdi. O‘zbekistonda Koreya va mintaqa mamlakatlari kapitali ishtirokidagi 3 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Ushbu ko‘rsatkichlar o‘zaro yetkazib berishlardan ishlab chiqarishlarni tashkil etish, mahalliylashtirish va mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga eʼtiborni kuchaytirish imkonini bermoqda.

Keyingi qadamlar sifatida O‘zbekiston tomoni texnik to‘siqlarni bartaraf etish, sertifikatlar va sinov natijalarini o‘zaro tan olish, aniq yuqori texnologiyali loyihalarni o‘z ichiga olgan Sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqish, sanoat tashabbuslarining yagona raqamli platformasini yaratish hamda vazir o‘rinbosarlari darajasida doimiy faoliyat yurituvchi ekspert guruhini shakllantirishni taklif etdi. O‘zbekiston tomoni ilgari surgan barcha tashabbuslar Koreya tomoni tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Muhokamalarning texnologik qismi savdo, investitsiyalar, sanoat infratuzilmasi, muhim minerallar sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish, ishlab chiqarishga sunʼiy intellektni joriy etish va kadrlar tayyorlash masalalariga bag‘ishlandi. Avtomatlashtirilgan sifat nazorati, uskunalarga prognozli texnik xizmat ko‘rsatish, energiya samaradorligi va ishlab chiqarish maʼlumotlarini tahlil qilish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyo korxonalarining texnologik ehtiyojlarini Koreya kompaniyalarining salohiyati bilan uyg‘unlashtirish hamda muhandis va texnologlar uchun kasbiy stajirovka dasturlarini kengaytirish rejalashtirildi.

Yig‘ilish yakunida sanoat va taʼminot zanjirlari sohasida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma memorandum imzolandi hamda “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” sanoat vazirlarining Maslahatlashuv mexanizmi birinchi yig‘ilishining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi.

Dastur doirasida Laziz Kudratov Koreya Respublikasi savdo, sanoat va resurslar vaziri Kim Jung-kvan bilan muzokaralar o‘tkazdi. Strategik ahamiyatga ega foydali qazilmalarni izlash va o‘zlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston–Koreya platformasini yaratish, eksport salohiyati va savdo hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlar imzolandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish