Islomobodda O‘zbekiston-Pokiston o‘rtasidagi oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi muhokama qilindi
Sentabr 09, 2026. 18:30 • 2 daq
• 99
ISLOMOBOD, 9-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Bosh vazirining maslahatchisi – sanoat va ishlab chiqarish vaziri Xarun Axtar Xan bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda Pokiston Tashqi ishlar vazirligi, Savdo vazirligi, Sanoat va ishlab chiqarish vazirligi hamda boshqa tegishli idoralarning masʼul vakillari ham ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston–Pokiston savdo-iqtisodiy hamkorligining joriy holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, o‘zaro savdo hajmini oshirish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, eksport-import ko‘rsatkichlarini kengaytirish, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga eʼtibor qaratildi.
Tomonlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 5–6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish borasidagi ishlarning borishini muhokama qildilar.
Ikki davlat rahbarlarining 31-avgust kuni Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida o‘tkazgan uchrashuvi va unda belgilangan ustuvor vazifalarning ahamiyati qayd etildi. Erishilgan kelishuvlarni izchil va samarali amalga oshirish ikki tomonlama munosabatlarning iqtisodiy mazmunini yanada boyitishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Muloqot chog‘ida o‘zaro delegatsiyalar almashinuvini kengaytirish, hududlararo hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, shuningdek, imzolanishi rejalashtirilayotgan ikki tomonlama xalqaro shartnomalar bo‘yicha ishlarni jadallashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston-Pokiston biznes-forumlarini yuqori saviyada tashkil etish va ularni amaliy natijalarga yo‘naltirish muhimligini taʼkidladilar. Bunda to‘qimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, charm-poyabzal, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi hamda axborot texnologiyalari kabi istiqbolli tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni ilgari surishga ustuvor ahamiyat qaratish zarurligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida ustuvor tarmoqlar kesimida onlayn uchrashuvlarni muntazam tashkil etish, ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliy muzokaralarni yo‘lga qo‘yish va aniq tijorat bitimlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shu maqsadda Pokiston Sanoat va ishlab chiqarish vazirligi hamda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha aniq vazifalarni muvofiqlashtirib boruvchi ishchi guruh tashkil etishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi