Samarqandda “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
Iyun 02, 2026. 14:25 • 3 daq
• 51SAMARQAND, 2-iyun. /“Dunyo” AA/. Samarqand shahrida 100 dan ortiq davlat, xalqaro tashkilotlar, ishbilarmon doiralar va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirgan “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ekologik ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Keng ko‘lamli tadbir “Silk Road Samarkand” majmuasining ekspo markazida o‘tkazilmoqda. U “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini ilgari surish, ekologik innovatsiyalarni joriy etish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
2025-yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan birinchi “Eco Expo Central Asia” ko‘rgazmasi Markaziy Osiyoda shu kabi formatdagi eng yirik ekologik tadbirga aylangan edi. Bu yilgi forumning geografiyasi va ishtirokchilar qamrovi sezilarli darajada kengaydi. Uni 10 mingga yaqin xorijiy va mahalliy ishtirokchilar ziyorat qilishi kutilmoqda. Ko‘rgazma maydonida ekologik mahsulotlar va xizmatlarga oid 68 ta, shuningdek, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarining 20 ta startap loyihasiga oid pavilyonlar taqdim etilgan.
Tadbir O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda “Business Congress Management” kompaniyasi tomonidan tashkil etildi. Ishtirokchilar orasida Yashil o‘sish global instituti, Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi yetakchi xalqaro tashkilotlar bor.
Ekologik texnologiyalar, barqaror energetika, suv ta’minoti, chiqindilarni qayta ishlash va sanoat ekologiyasi sohalarida faoliyat yurituvchi yirik xorijiy va mahalliy kompaniyalar o‘z ishlanmalari hamda yechimlarini namoyish etdi.
Mintaqaviy ekologik tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonning barcha hududlari iqlim o‘zgarishiga moslashish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha loyihalarini taqdim qildi. Namoyish etilgan tashabbuslar xalqaro investitsiyalar va donorlik yordamini jalb etishga mo‘ljallangan.
Ko‘rgazma doirasida yashil energetika, suv resurslarini boshqarish, iqlimga moslashish, chiqindilar bilan ishlash va barqaror rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan forumlar, taqdimotlar va ekspert muhokamalari kabi 50dan ortiq mavzuli tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik jamg‘arma bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Aral Sea Wetlands Project” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Barqarorlik orollari: Amudaryoning quyi oqimi va Orol dengizi havzasida ekotizim xizmatlarini saqlab qolish” mavzusidagi xalqaro qo‘shimcha tadbir birinchi kunning markaziy voqealaridan biri bo‘ldi.
Ishtirokchilar Orolbo‘yi ekotizimlarini tiklash, bioxilma-xillikni asrash, suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va yer degradatsiyasining neytral muvozanatiga erishish masalalarini muhokama qildi.
Tadbir davomida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi Quyi Amudaryo havzasi suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish rejasi konsepsiyasini imzoladi. Hujjat suvdan foydalanish samaradorligini oshirishni va mintaqaning ekologik barqarorligini mustahkamlashni nazarda tutadi.
Ko‘rgazmaning yana bir muhim voqeasi Global ekologik jamg‘arma tomonidan moliyalashtirilayotgan, Bioxavfsizlik bo‘yicha Kartaxena protokoliga muvofiq O‘zbekistonda milliy bioxavfsizlik tizimini joriy etish loyihasining rasman ishga tushirilishi bo‘ldi.
Maxsus qo‘shimcha tadbir chog‘ida xalqaro ekspertlar va soha tashkilotlari vakillari bioxavfsizlik sohasidagi milliy siyosatni takomillashtirish, idoralararo muvofiqlashtirishni kuchaytirish, texnik salohiyatni va xatarlarni baholash mexanizmlarini rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuvlar doirasida milliy bioxavfsizlik tizimini mustahkamlash va O‘zbekistonning biologik xilma-xillikni saqlash sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishga qaratilgan loyihani amalga oshirishda hamkorlikni rivojlantirish va uni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Niyatlar bayonoti imzolandi.
“Eco Expo Central Asia 2026” ko‘rgazmasining Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro ekologik kun tartibidagi o‘rni yuksalib borayotganini tasdiqlaydi hamda sheriklikni kengaytirish, “yashil” iqtisodiyotga sarmoyalar jalb etish, mintaqaviy va global miqyosda zamonaviy ekologik yechimlarni ilgari surishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi









