O‘zbekiston kompaniyalari sun’iy intellekt asosida energiya tejovchi yechimlarni joriy etdi

Iyun 02, 2026. 12:55 • 2 daq

O‘zbekiston kompaniyalari sun’iy intellekt asosida energiya tejovchi yechimlarni joriy etdi

LONDON, 2-iyun. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning texnologiyalar sohasidagi nufuzli “The Register” portalida “Ucell va ZTE kompaniyalari O‘zbekistonda sun’iy intellekt bazasida ekologik toza tarmoq infratuzilmasini keng ko‘lamda yoyishni yakunladi” sarlavhali maqolachop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, O‘zbekistonning eng yirik mobil operatorlaridan biri bo‘lgan “Ucell” o‘z tarmog‘ida “ZTE” kompaniyasining sun’iy intellekt (SI) texnologiyasiga asoslangan “ZTE RAN” energiya tejovchi yechimini tijoriy maqsadda to‘liq ishga tushirganini e’lon qilgan. Ushbu tizimning butun mamlakat bo‘ylab joriy etilishi tarmoqning energiya samaradorligini 10,6 foizga oshirish barobarida, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va foydalanuvchilar uchun qulaylikka hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan, atmosferaga is gazi chiqarilishini hamda ekspluatatsiya xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirish imkonini berdi.

Maqolada qayd etilishicha, mazkur innovasion yechim real vaqt rejimidagi trafik tahlili asosida tarmoqning energiya iste’molini dinamik tarzda optimallashtirish uchun ilg‘or tahliliy vositalardan foydalanadi. Har bir uzel uchun ishlab chiqilgan intellektual strategiyalar tufayli, tizim yuklama past bo‘lgan davrlarda energiya tejash rejimini avtomatik ravishda faollashtiradi. Natijada, tarmoq endilikda iste’mol qilingan har bir kilovatt-soat elektr energiyasiga (GB/kVtch) 10,6 foiz ko‘proq ma’lumotni uzatmoqda, bu esa o‘z navbatida “yashil” telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratish yo‘lidagi ulkan qadamdir.

Texnologik jarayonning o‘ziga xosligi shundaki, tizim ikki darajali intellektga ega taqsimlangan hisoblash arxitekturasidan foydalanadi: tarmoq darajasidagi SI trafikni prognoz qilsa, bazaviy stansiyalar darajasidagi SI ijro va monitoringni ta’minlaydi. Mashina orqali o‘qitish yordamida ushbu strategiyalar muntazam ravishda avtonom tarzda optimallashtirilib, energiya tejash va tarmoq unumdorligi o‘rtasidagi ideal muvozanatni saqlaydi.

Britaniya nashrining xulosa qilishicha, O‘zbekistonda ushbu loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi zamonaviy telekommunikatsiya tizimida intellektual avtomatlashtirish qanday qilib ekologik va iqtisodiy foydani birdek ta’minlashi mumkinligini ko‘rsatib, butun mintaqa uchun o‘ziga xos “yashil” tarmoq standartini (etalonini) belgilab berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish