Mixael Kortenbush: OTB sammitining Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshiradi
May 06, 2026. 17:55 • 3 daq
• 44
SAMARQAND, 6-may. /“Dunyo” AA/. Syurixdagi “Business and Finance Consulting” kompaniyasi rahbari Mixael Kortenbush “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishining ahamiyati haqida fikr bildirdi:
– OTBning yillik yig‘ilishini Samarqandda o‘tkazish O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bu mamlakatning va butun mintaqaning xalqaro miqyosdagi nufuzini sezilarli darajada oshiradi. Shuningdek, bu tashabbus O‘zbekistonning xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlashga tayyor ekanini namoyon etish imkonini beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning rivojlanishning bir qator asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan yondashuvi menda alohida taassurot qoldirdi. U o‘z strategiyasida yettita ustuvor yo‘nalishni belgilab bergan bo‘lib, ular orasida davlat siyosatini isloh qilish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini oshirish muhim o‘rin tutadi.
Shu bilan birga, inson kapitalini rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Chunki aynan inson kapitali asosiy omil bo‘lib, avval bilim, ko‘nikma va samarali tuzilmalar shakllanadi, shundan keyingina investitsiyalar jalb etiladi. Mutaxassislarni tayyorlash, kichik va o‘rta biznes, qishloq xo‘jaligi hamda bank sektorini rivojlantirish investitsiyalarni yanada samarali va kamroq xatarli qiladi, bu esa o‘z navbatida ko‘proq xorijiy investorlarni jalb etishga xizmat qilmoqda.
Mamlakatda investitsiya muhiti va iqtisodiy islohotlar ijobiy baholanmoqda. So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda mustahkam poydevor yaratildi va endilikda dastlabki natijalar ko‘zga tashlanmoqda. Bu jarayonlarni qishloq xo‘jaligiga o‘xshatish mumkin: ekilgan urug‘lar hosil berishgacha maʼlum vaqt talab qiladi.
Bugungi kunda dastlabki yutuqlar kuzatilmoqda, bu esa tanlangan yo‘lning to‘g‘ri ekanini ko‘rsatadi. Boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish muhim, chunki barqaror rivojlanish vaqt va sabrni talab qiladi.
Ushbu sammitning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga va yangi investitsiyalar oqimini rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Bunday tadbirlar fikr almashish, ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun muhim maydondir.
Xususan, O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi bilan bog‘liq tashabbuslar ham alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ular amalga oshirilmoqda. Bunday uchrashuvlar mamlakatni taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqish va iqtisodiy o‘sishni yanada rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi